O‘zbekiston | 21:32 / 19.06.2015
1857
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 21 iyunda Xalqaro yoga kuni nishonlanadi

Toshkentda 21 iyunda Xalqaro yoga kuni nishonlanadi. Butun dunyoda Xalqaro yoga kunini nishonlash doirasida Hindistonning Toshkentda elchixonasi va Lal Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi BMTning Toshkentdagi Axborot idorasi bilan hamkorlikda Toshkentdagi “Bunyodkor” o‘yingohida keng jamoatchilikka yoga chiqishlarini namoyish qiladi.

Ushbu tadbirda bepul ro‘yxatdan o‘tish orqali barcha istaganlar ishtirok etishi mumkin. Tadbirda o‘zbek estradasi yulduzlari Shahlo Axmedova va Lola Yo‘ldosheva ishtirok etishi kutilmoqda.

Tashkilotchilarning ta'kidlashicha, ishtirokchilar o‘zlari bilan mashg‘ulotlar uchun gilamcha olib kelishlari kerak bo‘ladi.

BMT Bosh assambleyasining 69-sessiyasida 21 iyunni Xalqaro yoga kuni deb e'lon qilish haqida rezolyutsiya qabul qilingan edi. “Butunjahon salomatligi va xorijiy siyosat” dasturi doirasida qabul qilingan bu rezolyutsiya bilan BMT Bosh assambleyasi yoga o‘zidan “salomatlik va farovonlik masalalariga butun bir yondashuvni namoyon qilishini” va yoga bilan shug‘ullanishning foydasini keng miqyosda targ‘ibot qilish dunyo ahli salomatligiga ko‘mak berishini tan oldi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish