Sport | 13:50 / 23.06.2015
3728
3 daqiqa o‘qiladi

"Ayaks" O‘zbekistondagi futbol jamoalari bilan hamkorlik qiladi

Amsterdamda "Ayaks" futbol klubi direktori M.Kinsbergen va tijorat direktori Edvin van der Sar hamda Benilyuks mamlakatlaridagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zbek milliy futbol klublari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston vakillari amalga oshirilayotgan chuqur demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar to‘g‘risida batafsil ma'lumot berib o‘tishdi. 

Uchrashuvda Osiyo qit'asidagi yetakchi jamoalar safiga kiruvchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi va klublari o‘yin sifatini yaxshilash hamda mamlakatimizda futbolni rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. 

Golland klubi rahbariyati sportchilarning jismoniy tayyorgarligini yanada yaxshilash, futbolchilar tayyorlash uchun xalqaro talablarga mos shart-sharoitlarni va tegishli infratuzilmani tashkil etish borasida O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan maxsus chora-tadbirlar haqida batafsil ma'lumotga ega bo‘ldi. 

O‘z navbatida "Ayaks" vakillari Gollandiyaning futbolchilar tayyorlash tizimi Yevropada eng yaxshi tizimlardan biri ekanini ta'kidlashdi. Mazkur tizim nafaqat ko‘plab mamlakatlar tomonidan, balki yetakchi futbol klublari tomonidan ham qabul qilinmoqda. 

Ular "Ajax" akademiyasi va uning yoshlarni tanlab tayyorlash strategiyasi klubning asosiy ustunliklaridan biri ekanligini ta'kidlashdi. Shveytsariyaning «CIES» tadqiqot instituti ma'lumotlariga ko‘ra, "Ayaks" klubi hozirda yosh iste'dodlarni kashf etish borasida Yevropada eng samarali akademiya ekanini aytib o‘tildi. 

Muzokaralar yakunida tomonlar "Ayaks" klubi bilan o‘zbek futbol klublari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish, futbol akademiyalari o‘rtasida tajriba almashish, "Ayaks" ning mashhur futbolchilarini yoshlarimizga mahorat darslari o‘tkazish uchun O‘zbekistonga yuborish singari hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalardagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olishdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish