Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston 2015 yilgi beqarorlik reytingida 51-o‘rinni egalladi
AQShning Tinchlik jamg‘armasi (Fund for Peace, FFP) nodavlat tashkiloti Foreign Policy jurnali bilan hamkorlikda Fragile States Index 2015 reytingini e'lon qildi. Ushbu reyting davlatlardagi beqarorlik darajasini o‘lchashga qaratilgan. Ro‘yxatdan 178 mamlakat o‘rin olgan.
Davlatlar beqarorlik darajasiga ko‘ra bir necha guruhga bo‘lingan: dastlabki guruh “Juda yuqori tahdid” deb atalib, unga Janubiy Sudan, Somali, Markaziy Afrika Respublikasi, Sudan kiritildi.
Keyingi guruh “Yuqori tahdid” bo‘lib, undan ham asosan Afrika davlatlari, shuningdek, Iroq va Pokiston o‘rin oldi.
“Tahdid”, “Yuqori ogohlik”, “Ogohlik”, “Quyi ogohlik”, “Past barqarorlik”, “Barqarorlik”, “Yuqori barqarorlik” guruhlari reytingdan o‘rin olgan asosiy davlatlarni qamrab oladi.
O‘zbekiston ushbu reytingda 51-o‘rinni olib, “Yuqori ogohlik” guruhiga kiritildi. Mintaqa bo‘yicha qo‘shnilar – Afg‘oniston 8-o‘rinda (“Yuqori tahdid” guruhi), Qozog‘iston 110-o‘rinda (“Quyi ogohlik” guruhi), Qirg‘iziston 62-o‘rinda (“Yuqori tahdid” guruhi), Turkmaniston 78-o‘rinda (“Ogohlik” guruhi), Tojikiston 57-o‘rinda (“Yuqori tahdid” guruhi). Rossiya 65-o‘rin bilan O‘zbekiston kirgan guruhni yakunlab beradi.
Ukraina 84-o‘ringa munosib ko‘rildi. Shuningdek, Xitoy 83-o‘rinda (“Ogohlik”), AQSh esa 158-o‘rinda (“Yuqori barqarorlik”).
Eng barqaror davlatlar o‘rin olgan ikkita guruh reytingni yakunlab beradi. “Mustahkam” guruhiga Portugaliya, Germaniya, Niderlandiya, Avstriya, Kanada, Irlandiya, Avstraliya, Islandiya, Yangi Zelandiya, Shveytsariya, Lyuksemburg, Daniya, Norvegiya Shvetsiya kirdi (164-177-o‘rinlar). Oxirgi 178-o‘rinda Finlyandiya turibdi, uning o‘ziga “Juda mustahkam” nomli alohida guruh ajratilgan.
Reyting tuzishda 12ta kriteriydan foydalanilib tahlil o‘tkazilgan. Ular, o‘z navbatida, ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy omillar guruhlariga birlashtirilgan.