Sport | 16:43 / 25.06.2015
1374
2 daqiqa o‘qiladi

Boliviyada Venesuelaning sobiq prezidenti Ugo Chaves nomidagi stadion ochildi

Boliviyada Venesuela davlati sobiq yetakchisi Ugo Chaves nomidagi stadion foydalanishga topshirildi. Bu haqda TASS mahalliy matbuotga tayanib xabar bermoqda.

Manbaning yozishicha, stadion Chapare viloyatining markaziy qismida joylashgan. 15 ming tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan mazkur stadion qurilishi uchun davlat 2,7 million AQSh dollari ajratgan.

Stadionning ochilish marosimida Boliviya prezidenti Evo Morales ishtirok etdi. Mamlakat rahbari bu hududga uch marta tashrif buyurgan yagona rahbar aynan Ugo Chaves ekanini alohida yodga olib o‘tdi. Boliviya prezidenti Chavesni ulkan birdamlik timsoli sifatida tariflab, aynan Venesuela rahbari «ustimizdan hukmronlik qilmoqchi bo‘lgan davlatlardan qo‘rqmaslikka o‘rgatgan»ligini alohida e'tirof etib o‘tdi.

Ugo Chaves Evo Moralesning do‘sti bo‘lgan. U Boliviyaning XXI asrda sotsializm barpo etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagandi. 14 yil mobaynida Venesuelani boshqargan Chaves 2013 yilning 5 martida ikki yil davom etgan saraton xastaligi tufayli vafot etgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish