Jahon | 11:56 / 27.06.2015
12792
2 daqiqa o‘qiladi

"Teraktlar kuni": 1 kunda dunyoning 3 mamlakatida teraktlar amalga oshirildi

26 iyun, juma kuni dunyoning 3 mamlakatida teraktlar sodir etildi. Avvaliga Fransiyada, keyin Kuvayt va Tunisda jangarilar begunoh insonlar hayotiga qasd qilishdi.

Dastlab, Yassin Salhi ismli terrorchi Fransiyaning Sen-Kanten-Fallave shahridagi kimyoviy zavodga bostirib kirib, korxona direktorini o‘ldirdi va boshqa xodimlarni jarohatladi.

Kuvaytda esa, El-Kuvayt shahri markazidagi Es-Savaber tumanidagi shialar masjidi ichida portlash sodir bo‘ldi va juma ibodatiga yig‘ilgan namozxonlar halok bo‘ldi. TASS nashri muxbiri bu terakt masjid ichidagi jangari o‘z tanasiga o‘rnatgan bombalar orqali amalga oshirilgan. Bu portlash uchun javobgarlikni "IShID" o‘z zimmasiga oldi.

Shuningdek, Tunisning O‘rta Yer dengizi sohilidagi Sus shahri yaqinidagi ikki mehmonxonada ham otishma sodir bo‘ldi va mehmonxonada dam olayotgan mahalliy va xorijlik sayyohlarning 39 nafari o‘ldirilib, 36 nafari og‘ir jarohatlar olishdi. Tunis radiosining xabar berishicha, qurbon bo‘lganlar orasida Buyuk Britaniya, Germaniya va Belgiya fuqarolari ko‘pchilikni tashkil etadi. Oxirgi ma'lumotlarda aytilishicha, bu terakt mehmonxonaga sayyoh niqobida tashrif buyurgan va qurolini buyumlari orasiga yashirgan 23 yoshli talaba tomonidan amalga oshirilgan. U mehmonxonalardan birining hududida maxsus xizmat xodimlari tomonidan yo‘q qilingan. Bu terakt uchun javobgarlikni ham "IShID" o‘z zimmasiga oldi.