Jamiyat | 00:10 / 27.06.2015
5514
2 daqiqa o‘qiladi

Uitni Xyustonning komada qolayotgan qizi xospisga o‘tkazildi

AQShlik marhum xonanda Uitni Xyustonning yagona farzandi, hozirda komada qolayotgan qizi Kristina Braun bir necha oy shifoxonada saqlangandan keyin xospisga (og‘ir ahvoldagi bemorlarga mo‘ljallangan maxsus shifoxona) o‘tkazildi.
Qiz yaqinlarining xabar berishicha, uning ahvoli oxirgi vaqtda og‘irlashgan. 22 yoshli Braun yanvar oyi oxirida o‘z uyida vannaxonada yuztuban holda bexush topilgan.
“Bir nechta tibbiy muassasalarda ko‘rsatilgan a'lo darajadagi tibbiy yordamga qaramasdan, Bobbi Kristina Braunning ahvoli yomonlashmoqda”, deb aytdi uning xolasi Pet Xyuston.
24 iyunda Braun vakillari u bilan birga yashagan Nik Gordonni Braunga nisbatan jismoniy va emotsional zo‘ravonlik qo‘llaganlikda va uning ruxsatisiz qizning hisob raqamidan pul yechganlikda ayblab, uning ustidan sudga da'vo arizasi berishdi.
Da'vo arizasida aytilishicha, Braun sun'iy koma holatiga o‘tkazilgandan keyin Gordon uning hisob raqamidan 11 ming dollar yechib olgan. Gordonning o‘zi bu ayblovga hech qanday izoh bermadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish