Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ilhom Aliyev o‘z rafiqasini Haydar Aliyev ordeni bilan mukofotladi
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘z rafiqasi, Bokuda o‘tkazilgan Yevropa o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi raisi bo‘lgan Mehribon Aliyevani mamlakatdagi eng oliy mukofot – Haydar Aliyev ordeni bilan mukofotladi. Bu haqda mamlakat prezidenti saytida ma'lum qilindi.
Mehribon Aliyevani taqdirlash haqidagi qaror 29 iyunda imzolandi. Aliyeva ushbu mukofot bilan “Ozarboyjondagi madaniyat, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport sohalarini rivojlantirish, Ozarboyjon xalqi madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va ilk Yevropa o‘yinlarini tashkil etishdagi katta xizmatlari uchun” taqdirlandi.
Orden mamlakatning birinchi raqamli ayoliga musobaqalarda g‘alaba erishgan sportchilar va ularning murabbiylari bilan bo‘lgan uchrashuvda berildi. Mehribon Aliyeva ham o‘z navbatida ushbu musobaqalar o‘tkazilgan 17 kun davomidagi ajoyib lahzalar uchun o‘z turmush o‘rtog‘iga minnatdorchilik bildirdi.
Ma'lumot uchun, Ilhom Aliyev va Mehribon Aliyeva 1983 yilda turmush qurishgan. Ularning ikki qiz va bir o‘g‘il farzandi bor.
“Haydar Aliyev” ordeni 2005 yilda Ilhom Aliyevning otasi, 2003 yilda vafot etgan Ozarboyjonning sobiq prezidenti Haydar Aliyev sharafiga ta'sis etilgan. Ushbu orden yulduz, nishon va orden zanjiridan iborat. Ushbu orden bilan mamlakat farovonligini ta'minlashdagi yuksak xizmatlar, Ozarboyjon shon-shuhratini yuksaltirish, vatanni va davlat manfaatlarini himoya qilish ishida mardlik va jasorat ko‘rsatgan Ozarboyjon fuqarolari (ba'zi hollarda xorijliklar ham) taqdirlanishadi.