Sport | 00:31 / 30.06.2015
2824
8 daqiqa o‘qiladi

«Lokomotiv» klubi Angliyaning «Flitvud Taun» klubi bilan hamkorlik boshladi

Bugun O‘FF anjumanlar zalida Toshkentning “Lokomotiv” klubi va Angliyaning “Flitvud Taun” jamoalari o‘rtasida boshlanadigan hamkorlik munosabati bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Matbuot anjumanida “Lokomotiv” vakillari bilan bir qatorda “Flitvud Taun” klubi bosh direktori Stiv Kurvuud va sport direktori Gretar Steysonlar ishtirok etdilar.

Stiv Kurvuud: Bu mening O‘zbekistonga qilgan ilk tashrifim. Darhol aytishim lozim, ob-havo juda issiq ekan. Ammo iqlim qay darajada issiq bo‘lmasin, sizning kutib olishingiz undanda taftliroq bo‘ldi.

Bizning klubimizni yosh jamoa desa bo‘ladi. Biz joylashgan xududda 20 ga yaqin professional jamoalar bor. Ular orasida siz biladigan kuchli klublardan “MYu” va “Liverpul” kabilar bor. Shunday ekan, bizning xudud futbol tarixi juda boy. Biz premer ligaga chiqishni maqsad qilib olganmiz. Ingliz futbolining boshqa chempionatlardan farqi shundaki, elitaga chiqish uchun o‘nta bosqichni bosib o‘tish lozim. Biz ushbu bosqichdan 7 tasidan o‘tib bo‘lganmiz. Premer ligaga yetishning murakkab, ammo manfaatli tomoni shundaki, so‘nggi o‘rinda qolsangiz ham 19-20 million yevro mukofot puli berildi. Buning uchun esa har qancha ishlasang arziydi.

Premer-ligaga chiqish uchun ko‘p sarmoya kiritish lozim. Kuchlilar orasiga kirish uchun kuchli futbolchilar sotib olish talab qilinadi. Ammo biz boshqacha yo‘ldan ketdik. Biz iqtidorlarni yoshlikdan tarbiyalashni istaymiz. Shu sababli xorijda hamkorlar qidiramiz. “Lokomotiv” bilan hamkorlikning maqsadi shuki, biz yurtingizda iqtidorli futbolchilarni topmoqchimiz. Biz bunday iqtidorlarni asosan rivojlanayotgan davlatlardan qidiramiz. “Lokomotiv” bilan hamkorligimiz boisi ham shunda.

Ilgari “Lokomotiv” klubi haqida eshitmaganmiz. Albatta O‘zbekiston haqida yetarlicha tasavvurga ega bo‘lganmiz, ammo o‘zbek futboli haqida ma'lumotlarimiz chegaralangan edi. Ammo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish haqida shartnoma imzolaganimizdan so‘ng yurtingiz va futbolingizni ko‘p o‘rgandik.

Gretar Steynson: O‘zbekistonga qilgan tashrifimizning asosiy maqsadimiz – “Lokomotiv”ning iqtidorli futbolchilarini ko‘zdan kechirish. Ikkinchi iyulda bo‘ladigan nazorat o‘yinlari vaqtida iqtidorlarni ko‘rib chiqamiz. Men shunga aminmanki, garchi futbol Angliyada paydo bo‘lgan bo‘lsada, xorijdan o‘rganadigan narsalar ham juda ko‘p.

- Hamkorlik faqat “Lokomotiv” doirasida chegaralanib qoladimi? Chunki bunday holatda ko‘zlangan maqsadga erishish qiyin bo‘ladi.
- Biz bu tashabbusni boshlashimizdan maqsad shuki, boshqa o‘zbek klublari ham shu yo‘ldan ketishi ham xorijdagi hamkorlarni futbolimizga jalb qilishini istaymiz.

Stiv Kurvuud: Birdaniga butun futbolingizni qamrab olish juda qiyin. Yana bunday holatda e'tibor susayishi va boshlangan ish qolib ketishi mumkin. Shu sababli biz ma'lum xududda bitta hamkor bilan ishlashni istaymiz. Ayni vaqtda biz uchun istiqbolli hamkor “Lokomotiv” klubi bo‘lib turibdi.

- Yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatini kuzatdingizmi va futbolimiz haqida qanday tasavvur paydo bo‘ldi? Bizdan har holda yaqin orada Messi va Ronaldular chiqmasa kerak...
- Biz uchun Messi va Ronaldu bo‘lishi shart emas. Futbol rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichi - yil o‘tgani sari o‘sishga erishishdir. Agarda sizda ish borayotgan bo‘lsa, demak o‘sish ham bor. Biz yaxshi o‘yin tarafdorimiz. Shu sababli ham iqtidorlarni qidirmoqdamiz.

- Bunday hamkorlikning mevasini ko‘rish uchun uzoq yillar ish olib borish lozim bo‘ladi. Buning uchun jamoangizning sabri yetadimi?
- Ha. Muvaffaqiyatga erishish uchun bir-ikki yil yetarli bo‘lmasligini bilamiz. Agar kimdir tez g‘alabaga erishishni istasa, tez zavol topishi ham aniq. Biz avval poydevorni mustahkamlashni istaymiz. O‘ylaymanki agar bu hamkorlik rivoj oladigan bo‘lsa nafaqat bizning klubimiz, balki o‘zbek futboli uchun ham katta foyda keladi.

- Futbolchilarni tanlash kriteriyasi qanday? Qaysi asoslarga ko‘ra ular futbolchilarni tanlab oladilar?
- Mehmonlarning vaqti chegaralangani tufayli biz akademiya futbolchilari orasidan iqtidorlarni tanlab olib, ularga tavsiya qilmoqdamiz. “Do‘stlik” stadionida o‘rtoqlik o‘yini tashkil qilinadi va mehmonlar barchani kuzatish barobarida biz tavsiya qilganlarni ham ko‘zdan kechiradilar. So‘ngra ularga ma'qul kelgan futbolchilar Angliyaga yo‘l oladilar va u yerda 6 oy mobaynida ko‘rikda bo‘ladilar.

- Futbolchilar bilan bog‘liq harajatlarni kim ko‘taradi.
- “Flitvud Taun” jamoasi o‘z zimmasiga oladi.

- Ko‘rik jarayoni 6 oyni o‘z ichiga olsa, undan keyin futbolchilarning taqdiri qanday bo‘ladi?
- Angliya futbol federatsiyasi reglamentiga binoan futbolchi professional maqomda bo‘lishi uchun O‘zbekiston terma jamoasi FIFA reytingida 50 o‘rindan tepada bo‘lishi lozim bo‘ladi. Bizning maqsadimiz – o‘zaro tajriba almashish.

- Bu hamkorlikdan “Flitvud Taun”ga qanday foyda bor? Futbolchilarni Angliyaga taklif etib turish mutanosibligi qanday bo‘ladi?
- Biz bu hamkorlikni endi yo‘lga qo‘ymoqdamiz va bu borada yetarlicha tajribaga ega bo‘lishni istaymiz. Xorijlik futbolchi Angliyada o‘zini qanday his qiladi, u bilan muloqot yaxshi yo‘lga qo‘yiladimiz – shuni sinovdan o‘tkazmoqchimiz. Faqat shundan so‘ng aniq muddatlar haqida gap bo‘lishi mumkin.

- Angliyada menejment yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Klubingiz nimaning hisobiga kun ko‘radi.
- Bizda stadionlar yiliga 365 kun band bo‘ladi. U yerda futbol o‘yinidan tashqari turli tadbirlar bo‘lib o‘tadi va buning ortidan klubimizga pul keladi. Shunday bo‘lsada asosiy daromad baribir chiptalar savdosidan tushadi. Shuningdek teletranslyatsiya uchun televideniye bizga yiliga 1 million funt pul to‘laydi. Bu esa yaxshi pul degani. Shuningdek futbolchilarni sotishdan ham yaxshi daromad topamiz. Masalan bir necha yil muqaddam “Lester Siti”ga sotilgan Jim Uordi hamon bizga daromad keltirmoqda. Transfer shartnomasi shunday tuzilganki, agarda “Lester” premer ligaga chiqsa ham, yoki u yerdagi o‘rnini saqlab qolsa ham bizga kelgan foydadan foiz berishi lozim. Shuningdek boshqa klubga sotsa ham ulushimizni chiqarib beradi. Klubimiz daromadi mana shulardan iborat.

Manba: uff.uz

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish