Jahon | 17:18 / 01.07.2015
2825
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh politsiyasiga fotoapparatli koptoklar beriladi

Massachusets texnologik institutining startap kompaniyalaridan biri aylana shakldagi fotoapparat yaratdi. U favqulodda vaziyatlarda xavfli insonlarni tez orada bino ichida yoki ma'lum hududda topishga yordam beradi. Kamera huquq-tartibot xodimlari tomonidan qo‘llanishi ko‘zlanmoqda.

Uch yillik ishlanmalardan so‘ng Bounce Imaging kompaniyasi Explorer kamerasini ishlab chiqarishga tayyorligini ma'lum qildi. Tennis koptogidan sal kichikroq bo‘lgan bu kamera rezina qoplama bilan himoyalangan, shu bois uni haqiqiy to‘p singari uloqtirib yuborish mumkin. Kamera olti obektivga ega. Obektlarning har biri sekundiga bir nechta surat yaratadi. O‘rnatilgan protsessor barcha tasvirlarni birlashtirib, 360 daraja atrofni ko‘rsatadigan panoramaga aylantirib beradi. U o‘z navbatida foydalanuvchining smartfoniga yetkaziladi.

Bunday kamera maxsus qo‘shinlarga yoki politsiyachilarga bino ichida yashiringan jinoyatchilarni ko‘rishga, vayronalar ostida qolgan odamlarni qidirib topishga yordam beradi.
Explorer kamerasini Garvard universiteti talabasi 2010 yili Gaitida sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng o‘ylab topdi. Vayronalar ostidagi odamlarni qidirishda qutqaruv xizmatlari optik tola orqali tasvir uzatuvchi kameralardan foydalanishgan edi. Ammo bunday kameralarning ko‘plab kamchiliklari bor edi.
2012 yili u o‘z kashfiyoti uchun MassChallenge tanlovida 50 000 dollar yutib oldi. Ishlanmalar OAV orqali yoritildi, so‘ng esa tegishli tashkilotlarning qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Kameraning birinchi partiyasi 100 nusxa miqdorida chiqariladi. Kompaniya kelajakda kamera dizaynini yanada takomillashtirishni rejalashtirmoqda. Jumladan, Explorer’ning keyingi versiyalari is gazi, radiatsiya va harorat datchiklarini olishi mumkin.
Kameraning ayni paytda sotuvda mavjud ikki versiyasi 1 495 va 2 495 dollar turadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish