Jahon | 06:54 / 01.07.2015
2904
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyadagi samolyotning qulashi sabablari ma'lum qilindi

Indoneziyadagi Hercules C-130 harbiy samolyotining qulashiga texnik nosozlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Indoneziya Harbiy-havo kuchlari bosh qo‘mondoni Agus Supriatna aytib o‘tdi.

Supriatnaning aytishicha, samolyot uchuvchisi dvigateldagi nosozliklar haqida xabar bergan va bazaga qaytishni so‘ragan. “Samolyot orqaga qayrilish paytida falokatga uchragan”, deb qo‘shimcha qildi Supriatna.
Samolyot bortida harbiylar va ularning oilalari bo‘lgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 116 kishi halok bo‘lgan. Ulardan 101 nafarini samolyotdagi yo‘lovchilar, 12 nafarini ekipaj a'zolari va 3 nafarini yerda bo‘lgan odamlar tashkil qilmoqda.

Harbiy bazadan Bunguran oroliga uchib ketayotgan Hercules C-130 harbiy-transport samolyoti 30 iyunda Sumatra orolidagi Medan shahridagi mehmonxona va yaqin oradagi uylar ustiga qulab tushgan. 1964 yildan beri ishlatilib kelinayotgan samolyot Medandan havoga ko‘tarilgandan keyin bor-yo‘g‘i 5 km yo‘l uchib o‘tgandan keyin qulagan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish