Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Istomin jarohat tufayli “Uimbldon”dagi ishtirokini birinchi davradayoq yakunladi
Buyuk Britaniyaning London shahrida “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi, yilning to‘rtta nufuzli musobaqasidan uchinchisi hisoblangan “Uimbldon” turnirining asosiy to‘r birinchi davra bahslari davom etmoqda.
28 iyun kuni Nottingemdagi turnirda bosh mukofotni qo‘lga kiritgan Denis Istomin 30 iyun kuni “Uimbldon” musobaqasidagi ishtirokiga kirishdi. Lekin u ilk davradagi uchrashuvda ispaniyalik Albert Ramos-Vinolasga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Dastlabki setni 2:6 hisobida boy bergan Istomin ikkinchisida ham xuddi shu hisobda yutqazdi. Uchinchi setning beshinchi geymidan keyin Istomin kurashni davom ettira olmasligini ma'lum qildi.
Ma'lumot uchun, ispaniyalik tennischi dunyo reytingida 65, Istomin esa 62-o‘rinni egallab turibdi. Ramos Nottingem turnirining birinchi bosqichida koreyalik Xyon Chonga 4:6, 6:7(6) hisobida imkoniyatni boy bergandi.