Jamiyat | 12:40 / 01.07.2015
8523
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston chegarada fuqarosining otib o‘ldirilishi yuzasidan Toshkentga nota yuboradi

Qozog‘iston TIV o‘zbekistonlik chegarachilar tomonidan Qozog‘iston fuqarolariga nisbatan o‘qotar qurolning qo‘llanishi, buning natijasida fuqaro Valixon Ahmedovning halok bo‘lishi yuzasidan Toshkentga rasmiy e'tiroz notasini yuboradi. Bu haqda vazirlikning rasmiy vakili Altay Abibullayev ma'lumot berdi.
Eslatib o‘tamiz, bir qator Qozog‘iston onlayn nashrlari 28 iyun kuni Sirdaryoda baliq oviga chiqqan Sariog‘och tumani fuqarosi Valixon Ahmedov o‘zbekistonlik chegarachilar tomonidan otib o‘ldirilganligi haqida ma'lumot tarqatgan edi. Voqea Janubiy Qozog‘istonning Sariog‘och tumani hududidagi chegara zonasida sodir bo‘lgan. Sherigi bilan Sirdaryoga baliq oviga chiqqan Valixon Ahmedov suv chegarasini buzishda ayblangan, so‘ng unga qarata ogohlantirishsiz o‘q otilgan. Uning sherigi Jyengis Bakishev eson-omon qirg‘oqqa qaytib kelgan.
Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarachilari voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib bormoqda.
O‘zbekiston ham voqeaga o‘z rasmiy munosabatini bildirdi: davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi matbuot xizmatining ma'lumot berishicha, 28 iyun kuni O‘zbekiston chegara naryadi 178-zastava hududida davlat chegarasini buzish harakatini to‘xtatib qolgan.
“Ikki qonunbuzarga nisbatan qurol qo‘llandi, natijada ulardan biri yaralandi. Tomonlarning chegarachilari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi chegarasining Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi tomonidan buzilishi fakti ko‘rib chiqildi”, – deyiladi xabarnomada.
Shuningdek, qo‘mita vakillari qozog‘istonlik hamkasblarini chegara hududida istiqomat qiluvchi aholi orasida tushuntirish ishlari olib borishga chaqirdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish