Jahon | 16:35 / 02.07.2015
5187
2 daqiqa o‘qiladi

2020 yilga qadar BMW vodorodda ishlaydigan mashina chiqaradi

BMW kompaniyasi Fransiyaning Miramas shahrida o‘tkazilgan maxsus tadbirda kelajak texnologiyalari haqida hikoya qilib berdi. Yaqin yillarda amalga oshiriladigan g‘oyalar ichida vodorod elementlarida ishlaydigan mashinaning bo‘lishi jurnalistlarning diqqatini tortdi.
Avtokompaniya vodorodli avtomobil 2020 yilga qadar tayyor bo‘lishini tasdiqladi. Mashina taqdimoti ancha oldin o‘tkazilishi mumkin, lekin faqat ko‘rsatilgan yildagina uni ishlab chiqarishni konveyerga qo‘yish imkoniyati bo‘ladi. Bugungi kunda mavjud elektromobillardan farqli ravishda, vodorodli mashinalarni quvvatlantirish yoki yoqilg‘i quyish osonroq bo‘ladi.


Shuningdek, tadbirda ma'lum qilinishicha, ekologik modellar uchun ishlab chiqilgan BMW eDrive gibrid texnologiyasi boshqa turdagi mashinalar uchun ham qo‘llanadi. Jumladan, 2-Series Active Tourer gibridli kompaktven taqdimoti o‘tkazildi.
Oxirgi yangiliklardan yana biri sovutish tizimi bo‘ldi. Bu texnologiya BMW M4da qo‘llanilishi aytilmoqda. Tizim motorning yonish kamerasidagi samaradorlikni silindrlarga suv purkash yo‘li bilan oshirish prinsipi asosida ishlaydi. Sovutish effekti tufayli kuch agregatining samaradorligi yanada oshadi. Bunday tizim birinchi bo‘lib BMW 1-Series mashinasining 1.5 l li benzin dvigatellarida qo‘llanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish