Jamiyat | 15:44 / 02.07.2015
4081
2 daqiqa o‘qiladi

«Dunyo bo‘ylab» telekanali Fransiyada o‘tkazilgan hujjatli filmlar xalqaro festivalida ishtirok etdi

Fransiyaning janubi-g‘arbida joylashgan La-Roshel shahrida «Sunny Side of the Doc» hujjatli filmlar xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi.

26-marotaba o‘tkazilgan mazkur anjuman dunyoning 60dan ziyod mamlakatidan 2 ming nafardan ortiq mutaxassisni o‘z atrofiga jamladi. An'anaga ko‘ra, ushbu festivalga hujjatli filmlarning katta qismi Fransiya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatadigan prodyuserlik kompaniyalari tomonidan taqdim etildi.

Mazkur xalqaro anjumanda ilk marotaba O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi delegatsiyasi, jumladan, «Dunyo bo‘ylab» telekanalining vakillari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston delegatsiyasining bundan ko‘zlagan asosiy maqsadi hujjatli filmlarning jahon mediabozoridagi hozirgi holatini va uning rivojlanish tamoyillarini tadqiq etish, xorijiy mamlakatlardagi yetakchi ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, hujjatli filmlar dunyosidagi yangiliklarni yaqindan o‘rganish bilan izohlanadi.

Xalqaro festival doirasida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi vakillari qator taqdimot marosimlarida qatnashganlari barobarida seminarlar chog‘ida o‘zaro tajriba almashishga ham muvaffaq bo‘lishdi.

Anjuman tashkiliy qo‘mitasi vakillari ushbu tadbir ishida Markaziy Osiyo va MDH davlatlari orasidan faqat o‘zbekistonlik mutaxassislargina qatnashganini ma'lum qilishar ekan, «Sunny Side of the Doc» hujjatli filmlar xalqaro anjumanidagi ishtiroki bilan yurtdoshlarimizni tabriklashdi. Ular sifatli mediamahsulotlarni ilgari surish maqsadida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga hamisha tayyor ekanliklarini bildirishgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish