Sport | 17:14 / 02.07.2015
2614
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik dzyudochilar Ulan-Bator shahridagi Gran-Prida ishtirok etishadi

3-5 iyul kunlari Mo‘g‘iliston poytaxti Ulan-Bator shahrida dzyudo kurashi bo‘yicha Gran-Pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnir o‘tkaziladi.

Dunyoning 35 davlatidan kelgan jami 202 nafar sportchi (103 nafar erkak – 99 nafar ayol) ishtirokida o‘tadigan mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston sharafini 5 nafar sportchi himoya qiladi.

Jumladan, og‘irlik vazni 73 kg.gacha bo‘lgan polvonlar musobaqasida tatamiga chiqadigan Sarvar Shomurodov dastlabki bellashuvni xitoylik Shuay Sunga qarshi o‘tkazadi. Xuddi shu vaznda bahslarga kirishadigan yana bir o‘zbekistonlik sportchi G‘iyosjon Boboyev birinchi bellashuvda Chexiya vakili Yakub Jyesminek bilan kuch sinashadi.

Vazni 90 kg.gacha bo‘lgan polvonlar musobaqasida vatan sharafini himoya qiladigan Erkin Doniyorov dastlabki bosqichda Cho Yung Vo (J.Koreya) bilan, 100 kg.gacha bo‘lgan dzyudo ustalari musobaqasida ishtirok etadigan Shuhrat Nazarov esa yana bir xitoylik Kai Xu bilan bahs yuritadi.

Eng yuqori vazn (+100 kg) toifasida o‘tkaziladigan musobaqalarda tatamiga chiqadigan Elyor Masharipov o‘zining birinchi uchrashuvini mezbonlar vakili Bat-Orshix Batsuriga qarshi o‘tkazadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish