Jahon | 10:12 / 07.07.2015
6638
2 daqiqa o‘qiladi

Donald Tramp AQShni Meksika uchun chiqindixona deb atadi

AQSh prezidentligiga nomzodlardan biri Donald Tramp bir necha hafta ichida ikkinchi marta Meksika mavzusida bayonot berdi. Bu safar u o‘z davlatini Meksika jinoyatchilari uchun chiqindixona deb atadi.

Ilgariroq u Meksika shimoliy qo‘shnisining hududiga “uncha yaxshi bo‘lmagan” odamlarni yuborishini aytib, giyohvand moddalar savdosi va jinoyatchilikning o‘sishini ular bilan bog‘lagan edi. Shundan so‘ng Univision, NBC, Televisa va Ora TV telekanallari Trampni va unga qisman tegishli “Miss Koinot” go‘zallik tanlovini boykot qildi, Panama va Meksika tanlovdan ishtirok etishdan bosh tortdi.
Dushanba kuni tarqatilgan bayonotda milliarder Meksikaga iliq munosabatda ekanligini e'tirof etdi.

“Men Meksikani juda hurmat qilaman va uning xalqini, uning bag‘rikengligini yaxshi ko‘raman, lekin muammo shundaki, uning yetakchilari bizdan yaxshiroq muzokarachilar bo‘lishiga qaramay, ancha ayyordirlar”, – bayonotdan iqtibos keltiradi El Financiero nashri.
Shu bilan birga, Tramp Meksikani yana bir AQShga “yomon” odamlarni yuborishda va bu bilan AQShni jinoiy elementlar uchun chiqindixonaga aylantirishda aybladi.
“Yaxshi” meksikaliklarning ham ko‘chib kelayotgani, bu bilan davlat yanada yaxshilanayotgani borasidagi e'tirof ham bayonotdan o‘rin oldi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish