O‘zbekiston | 02:40 / 08.07.2015
4803
4 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda 64 xonadonga mo‘ljallangan to‘rt qavatli “Kamolot” uyi foydalanishga topshirildi

Buxoro viloyati Kogon shahrida 64 xonadonga mo‘ljallangan to‘rt qavatli “Kamolot” uyi foydalanishga topshirildi, deb xabar berdi UzA.

Viloyat va shahar hokimliklari mutasaddilari, jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilayotgan alohida e'tibor yuksak samaralar berayotgani ta'kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

“Kamolot” uyi “Marsianin plyus” mas'uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi. Marosimda yosh oilalarga ikki va uch xonali uylarning kaliti topshirildi. Ular orasida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida fidokorona mehnati bilan tengdoshlariga namuna bo‘layotgan turli kasb egalari, yurtimiz sharafini xalqaro miqyosda ulug‘layotgan yosh sportchilar bor.

– Men dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘ldim, – deydi o‘zbek jang san'ati bo‘yicha besh karra O‘zbekiston chempioni, nufuzli xalqaro musobaqalar sovrindori Nodir Jumayev. – Hech bir yurtda yoshlarga bizning mamlakatimizda bo‘lgani kabi alohida e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmaydi. Mana, “Kamolot” uyi buning yorqin tasdig‘idir. Biz ikki xonali uyga uzoq muddatli imtiyozli kredit evaziga, hech qanday badal to‘lovisiz ega bo‘ldik. Bunday otalarcha g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.

Kogon temiryo‘lchilar shahri sifatida ham e'tirof etiladi. Tabiiyki, “Kamolot” uyi kalitini olganlar orasida ham temiryo‘lchilar ko‘pchilikni tashkil etadi.

– Sizlarga havasimiz keladi, bizning davrimizda yoshlarga bunday e'tibor bo‘lmagan, deyishadi yoshi ulug‘ hamkasblarim, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasining Buxoro aloqa va ishorat masofasi katta elektromexanigi Umid G‘afforov. – Ular haq. Yoshim 26 da. Uch kishidan iborat oilamiz bilan alohida kvartiraga ko‘chib o‘tdik. Bank kreditining uzoq muddatli ekani yosh oilalar uchun juda qulay. Turmush o‘rtog‘im ham temiryo‘lchi. Biz, temiryo‘lchilar oilasi yurtimiz ravnaqi yo‘lida yanada samarali mehnat qilamiz.

“Kamolot” uyi tobora chiroy ochayotgan Ahillik ko‘chasi qiyofasini yanada o‘zgartirib yubordi. Yil oxiriga qadar bu ko‘chada 32 xonadonga mo‘ljallangan yana bir ko‘p qavatli bino qurilishi rejalashtirilgan.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi M.Esonov so‘zga chiqdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish