Sport | 19:42 / 09.07.2015
2642
2 daqiqa o‘qiladi

Garbin Mugurusa Radvanskani yengib, Uimbldon turniri finaliga chiqdi

Londonda davom etayotgan “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “Uimbldon” turnirining ayollar o‘rtasidagi bahslarida ilk finalchining nomi ma'lum bo‘ldi. Dunyoning 13-raketkasi polshalik 26 yoshli Agneshka Radvanska WTA reytingida 20-pog‘onani band etib turgan ispaniyalik 21 yoshli Garbin Mugurusaga qarshi kortga chiqdi.

Bir soatu 55 daqiqa davom etgan yarim final uchrashuvida Garbin kuchli raqibasini 6:2, 3:6, 6:3 hisobida dog‘da qoldirdi. Agneshka bahs mobaynida bitta, Mugurusa esa 6ta eys zarbasini amalga oshirdi.

Ikki tennischi o‘rtasidagi o‘zaro uchrashuvlardagi hisob 3:2ga yetdi. Garbin bugungi g‘alabadan so‘ng hisobda oldinga chiqib oldi. Ilk bor “Uimbldon” turniri finalida o‘ynaydigan ispaniyalik tennischi rossiyalik Mariya Sharapova va amerikalik Serena Uilyams uchrashuvi g‘olibasi bilan to‘qnash keladi.

Qayd etish joizki, Mugurusa 15 yildan buyon "Katta Dubulg‘a" turnirlarida finalga chiqqan ilk ispaniyalik tennischi qizga aylandi. Oxirgi marta 2000 yilda "Rolan Garros" finalida Ispaniya vakilasi Konchita Martines finalda o‘ynagan edi. Uimbldon turnirlari finalida esa oxirgi marta ispaniyalik tennischi qiz sifatida 19 yil muqaddam (Aranta Sanches-Vikario) o‘ynagandi.


Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish