Iqtisodiyot | 13:53 / 10.07.2015
5773
2 daqiqa o‘qiladi

Alibaba Group aksiyalari bir oyda 9 foizga arzonladi

Xitoyning eng yirik internet kompaniyasi bo‘lmish Alibaba Group’ning aksiyalari narxi oxirgi bir oy ichida 9 foizga tushib ketdi. Kompaniya kapitalizatsiyasi 198.6 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. China Daily gazetasining elektron versiyasi orqali xabar qilinishicha, bu investorlarning Xitoy fond bozoridagi o‘zgaruvchanlikka javobi natijasidir.
Iyun oyidan buyon 30 foizlik tushish kuzatilgan indekslar asosan Xitoyning materik qismiga tegishlidir. Endilikda investorlar Xitoy kompaniyalarining aksiyalaridan qutulishga harakat qilayotgani aytilmoqda.
8 iyul kuni Alibaba aksiyalari Nyu-York fond birjasida donasiga 76.21 dollarga baholandi. Bu kompaniya tarixidagi eng past narxlardir. Ayni paytda Xitoy birjasida kompaniya aksiyalarining narxi 79.4 dollarni tashkil qilmoqda.
Shu bilan birga, nashrda ta'kidlanishicha, investorlar va mutaxassislar XXR hukumatining vaziyatni o‘nglash borasida olib borayotgan chora-tadbirlarini yuqori baholamoqda.
“Umuman olganda, hukumat yaxshi ishlarni amalga oshirdi deb o‘ylayman, – dedi Krane Shares kompaniyasida investitsiyalar bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlovchi Brendan Exern. – Ular tomonidan qabul qilingan qisqa muddatli qadamlar o‘zini oqlaydi”.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish