Jahon | 15:30 / 10.07.2015
3132
2 daqiqa o‘qiladi

Tailand Turkiyadagi elchixonasini yopib qo‘ydi

Tailandning Anqaradagi elchixonasi noma'lum muddatga yopildi. Bu haqda Yahoo News xabar bermoqda.

Bundan tashqari, Tailandning Istanbuldagi konsulligi vaqtinchalik ishini to‘xtatdi. Bunga 9 iyulga o‘tar tunda uyg‘ur diasporasining konsullikka uyushtirgan hujumi sabab bo‘ldi. Uyg‘urlar tayoqlar bilan bino oynalarini sindirib, xodimlarning buyumlarini sochib tashlashdi. Lekin hech kim yaralanmadi.

Norozilik aksiyalari rasmiy Bankokning Xitoyga 97 nafar uyg‘urni deportatsiya qilgani haqidagi xabar tarqalgandan so‘ng avj oldi. Ular 2014 yil martida qo‘lga olingan edi. Politsiya maxsus amaliyot davomida mamlakat janubidagi plantatsiyada 400 nafar uyg‘ur qul ahvolida ishlayotganini aniqlagan edi.

Huquq himoyachilari Tailand rahbariyatining bu qaroridan xavotirda ekanligini aytdi, chunki Xitoy fuqarolari bo‘lmish uyg‘urlar u yerda qiynoqqa solinishi va qamalishi mumkin. Tailand, o‘z navbatida, deport qilinganlar taqdirini kuzatib borishini ma'lum qildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish