Jahon | 17:59 / 11.07.2015
2202
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya TIV rahbari: Qohiradagi konsulxonada ro‘y bergan portlash Italiyaga qarshi hujum bo‘ldi

Italiya Tashqi ishlar vaziri Paolo Jyentiloni 11 iyul kuni Qohira shahridagi Italiya konsulxonasi oldida ro‘y bergan portlashni Italiyaga qarshi hujum deya baholadi.

Biroz oldinroq, italyan konsulxonasi oldida avtomobilga o‘rnatilgan bomba harakatga keltirilishi oqibatida konsulxona xodimlari jabrlangani haqida xabar berilgandi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu terakt oqibatida bir nafar misrlik politsiyachi halok bo‘lgan va o‘nlab kishilar jarohatlangan holda shifoxonaga olib borilgan.

Hozircha bu terakt uchun javobgarlikni hech qaysi guruh o‘z zimmasiga olmadi.

"Bu terakt Italiyaga qarshi hujum bo‘lgani borasida hech qanday shubham yo‘q. Ular terrorizmga qarshi kurashayotgan Italiyani qo‘rqitib qo‘yishmoqchi, ogohlantirmoqchi bo‘lishdi", deydi vazir Rim shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

U baxtli tasodif tufayli bu hodisa vaqtida Italiya fuqarolari jabrlanmay qolganini qo‘shimcha qilib o‘tgan.

"Italiya bu tahdiddan qo‘rqmaydi va "IShID"ga qarshi harakatlarini davom ettiradi. Italiya, musulon mamlakatlarini, xususan Misrni jangarilarga qarshi kurashishga chaqiradi", deydi Jyentiloni.

Biroz oldinroq, Italiya bosh vaziri Matteo Rintsi Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi bilan telefon orqali muloqot qilib, terrorizmga qarshi kurashishda o‘z davlatining hamkorligini taklif qilgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish