Jamiyat | 17:10 / 11.07.2015
12881
8 daqiqa o‘qiladi

Mehribon mashhurlar

Oramizda ko‘pchilik mashhur insonlarning hayotiga, ularning tanilish sirlari va bu yo‘ldagi bosib o‘tilgan qadamlarini bilishga hamisha qiziqadi. Ammo ular ham xuddi biz kabi oddiy inson ekanligini ba'zan yodimizdan chiqarib qo‘yamiz. Kerak bo‘lsa, mashhurlarning ko‘pchiligi oddiy insonlarga zarur vaqtlarda yordam qo‘lini cho‘zib, ularga imkoniyatlari darajasida yordam berganliklariga ham guvoh bo‘lamiz. Bugun xabardor.uz sayti sizga ana shunday mehribon mashhurlar bilan yuz bergan eng yaxshi voqealar o‘ntaligini taqdim etadi.

Stiv Bushemi

Gollivudda o‘zining aktyorlik faoliyatini boshlab, mashhurlikka erishishidan oldin Stiv Bushemi Nyu-York shahrida bir necha yillar o‘t o‘chiruvchi bo‘lib ishlagan. 11 sentabr voqealaridan keyin Bushemi o‘t o‘chiruvchilar Departamentiga qaytib, terroristik voqealar yuz bergan binoda kuniga 12 soatlab, o‘t o‘chiruvchilar bilan birga tengma-teng qidiruv ishlarida, savdo markazi binosining qoldiqlarini taxlashda ishchilarga yordam bergan. O‘sha paytda u o‘zining bu ishini reklama qilishni istamagan va  hatto jurnalistlarga intervyu ham bermagan. 

Kolin Farrell

"Rekrut" filmini suratga olish jarayonlari ketayotgan bir paytda Torontoda radiojurnalistlardan biri radio efirda kimda-kim radio bo‘limiga aktyor Kolin Farrellni olib kelsa, unga mukofot sifatida 1000 dollar berishini e'lon qiladi. Bu voqea aktyor Kolinning jahli chiqaradi va uning shahsiy hayoti o‘yin qilinayotgandan ranjiydi. Shunda Kolin Toronta shahrida istiqomat qiluvchi Deyv ismli uysiz bir odamni topib, o‘zini radiostansiyaga olib borishga kelishadi. Shu bahonada Deyv 1000 dollarlik mukofotni qo‘lga kiritadi va bu pul evaziga o‘zining hayotini tiklab oladi. Deyv haligacha aktyor Kolin Farrelldan minnatdor… 

Zak Galifianakis

Zak Galifianakis Gollivudda aktyor sifatida o‘zining munosib o‘rnini egallagan. Aktyor Santa-Monikadagi FOX kir yuvish fabrikasiga tez-tez borib turadi. Zak kirxonada odamlardan tushgan choy-chaqa evaziga hayot kechiradigan 87 yoshli Elizabet Xayst bilan aynan shu yerda tanishgan. Aktyorning "Kuyovjo‘ralar Vegasda" filmi unga katta omad keltirgandan so‘ng, kirxonaga bormay qo‘ygandi. Ammo Elizabetning uysiz, qarovsiz qolganini eshitgach, unga yordam berishni istadi. Aktyor Elizabet uchun uy sotib oldi va haligacha uning to‘lovlarini o‘zi to‘laydi. Bundan tashqari Zak   Galifianakis Elizabetni "Kuyovjo‘ralar 2: Vegasdan Bangkokka", "Halol saylovdagi g‘irrom kampaniya" va "Kuyovjo‘ralar: III qism" filmlari  premerasiga ham olib borgan. 

Tom Kruz

1996 yilda Tom Kruz avtomashinalardan biri bir qizni urib yuborganiga va haydovchi voqea joyidan qochib ketganiga guvoh bo‘lib qoladi. Aktyor "tez yordam"ga qo‘ng‘iroq qilib, shifokorlar yetib kelgunga qadar, qizning oldida qoladi va shifokorlar bilan birga shifoxonaga boradi. Qizning sug‘urta to‘lovi yo‘qligini bilgach, aktyor shifoxona xarajatlarini, ya'ni 7000 dollarni o‘zi to‘laydi. Shunday so‘ng Tom Kruz, shifoxonada qizning ahvolidan bir necha marotaba habar oladi.   

Kianu Rivz

Aktyor Kianu Rivz "Matritsa" filmining ikkinchi va uchinchi bo‘limlaridan tushgan foydaning o‘ziga tegishli bo‘lgan qismini film liboslarini va maxsus effektlarini yaratgan mehnatkashlarga bo‘lib beradi. Aktyor ushbu ijodkorlarning mehnati ushbu mukofotga munosib ekanligini ta'kidlagan. Ma'lumotlarga ko‘ra taqdim etilgan pul mukofoti 75 million dollarni tashkil etgan. 

Merilin Menson

Merilin Menson "Zulmat qiroli", deya ta'riflangan bo‘lsa-da, bastakor aslida bag‘rikeng va juda mehribon inson. U saraton kasaliga chalingan, uyida davolanayotgan bemor bolaga sovg‘alar, estalik uchun bir necha buyumlarni sovg‘a qiladi va u bilan bir necha soat suhbat quradi, gitara chalib, videoo‘yinlar o‘ynaydi, kitoblar o‘qiydi. Bemor bola bastakorning tashrifidan 3 hafta o‘tgach, vafot etadi. Hayotining so‘nggi daqiqalarida bolaning egnida Merilin Mensonning futbolkasi bo‘lgan.  

Bredli Kuper

Filadelfiyada "Mening yigitim – telba" filmining suratga olish jarayonlarida aktyor Bredli Kuper 100 ga yaqin qishki kiyimlarni sotib olib, kam ta'minlangan va qarovsiz qolgan insonlarga shaxsan o‘zi tarqatgan. Ana shunday insonlardan biriga hattoki u egnidagi paltosini ham hadya qilgan.      

Metallica guruhi a'zolari

2009 yilda 85 yoshli Margaret ismli ayol saraton kasalligiga chalingan edi. Bemor ayol og‘ir hastalikni yengishi uchun Metallica guruhining qo‘shiqlari unga dalda bo‘lganini ta'kidlaydi. Guruh a'zolari muxlisa ayolni o‘z konsertiga taklif etishdi va shou boshlangunga qadar u bilan suhbatlashishdi. Guruhning har bir a'zosi Margaretga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatar edi. Hattoki, konsert yakunida shouning yakka ijrochisi Jyeyms Xetfild Margaret uchun "Nothing Else Matters" qo‘shig‘ini ijro etdi. 

Krishtianu Ronaldu

2014 yil mart oyida bir oila mashhur futbolchi Krishtianu Ronalduga xat yozadi. Maktubda ular futbolchidan uning dastxati tushirilgan bir necha mayka va krossovka berishini iltimos qilishadi. Maktub egalari ushbu narsalarni kim oshdi savdosida sotib, pulini 10 oylik farzandining operatsiyasi uchun sarflashi kerak edi. Go‘dakning yashashi uchun operatsiya juda zarur va shifoxona harajatlari 66 ming yevro mablag‘ni talab etardi. Ronaldu maktub egalariga ular iltimos qilgandek dastxati tushirilgan mayka va krossovkalar bilan birga 83 ming yevro miqdordagi pul chekini ham yubordi.

Joan Rouling

Garri Potter filmidagi Natali Makdonald qahramonining ismi kitob muallifi Joan Rouling tomonidan kino muhlisning asl ismi sharafiga qo‘yilgan. Natali ismli bir qiz oqqon kasalligi bilan hastalangan edi va "Garri Potter va olovli kubok" kitobi chop etilgunga qadar tirik qolamanmi, yo‘qmi, Garri bilan qanday sarguzashtlar yuz berishini bilmay qolaman deb, muallif Joan Roulingga xat yozadi. Natali undan qahramon bilan bog‘liq kelgusi sarguzashtlarni kitobi bosmadan chiqqunga qadar unga so‘zlab berishini iltimos qiladi. Joan juda mehribon ayol, u qizning iltimosini bajarish uchun unga javob xatini yozadi, ammo baxtga qarshi Natali Garri Potter bilan yuz beradigan kelgusi voqealarni bilolmay vafot etadi. Yozuvchi kitobidagi qahramonlardan biriga Natali ismini beradi va qizning ota-onasiga dastxati tushirilgan kitobni sovg‘a qiladi. 

Manba: Xabardor.uz internet nashri