Jahon | 13:14 / 13.07.2015
11222
2 daqiqa o‘qiladi

Romanovlar oilasi Rossiyada rasmiy maqom olmoqchi

Romanovlar sulolasi vakillari Rossiya hukumatiga murojaat qilib, Imperatorlik uyiga rasmiy maqom berishni so‘raydi. Bundan tashqari, ular Moskva hokimiyatidan Uy rahbari, buyuk knyaginya Mariya Vladimirovna uchun qarorgoh ajratishni so‘raydi. Bu haqda sulolasi devonxonasi rahbari Aleksandr Zakatovga tayangan holda “Moskva 24” resursi xabar qildi.
Zakatovning so‘zlariga qaraganda, Imperatorlik uyining rasmiy tan olinishi uni soxta namoyandalardan asrashga yordam beradi: “Allaqanday unvonlar yordamida Romanovlar ramzlaridan foydalanuvchi soxta namoyandalar bor. Romanovlarning tarixiy merosi va mualliflik huquqi davlat tomonidan himoyalanishi mumkin”.
Oila rahbari yiliga bir necha marotaba Moskvada bo‘ladi, shu bois unga rasmiy qarorgoh kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, matbuot kotibi gap sulola boyliklarini qaytarish haqida ketmayotganligini ta'kidlab o‘tdi: “Gap faqat yangi uy qurilishi, sotib olinishi yoki og‘ir ahvoldagi biror binoni qayta tiklash haqida ketmoqda. Romanovlar oilasining daromadlari katta emas, shu bois ishlar xorijiy investorlar ko‘magida amalga oshirilishi mumkin”.
Prezident ma'muriyati ushbu murojaatni ko‘rib chiqishga tayyorligini ma'lum qildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish