Jahon | 17:45 / 13.07.2015
2023
2 daqiqa o‘qiladi

Viskonsin gubernatori Skott Uoker AQSh prezidentligi uchun saylovlarda qatnashadi

Viskonsin shtati gubernatori Skott Uoker ham 2016 yilning 8 noyabr kunida o‘tkaziladigan AQSh prezidentligi uchun saylovga o‘z nomzodini qo‘yishini e'lon qildi.
 
Reyter nashrida yozilishicha, 11 iyul kuni respublikachi Uoker o‘z tvitterida bu haqida tvit yozgan, lekin ko‘p o‘tmasdan bu tvit o‘chirilgandi.
 
Respublikachilar partiyasidan shu vaqtgacha 14 nafar vakil prezidentlik uchun kurashish istagini bildirgandi. Bular senatorlar Ted Kruz, Rend Pol, Marko Rubio, Arkanzasning sobiq gubernatori Mayk Xakabi, neyrojarroh Ben Karson, Pensilvaniyadan sobiq senator Rik Santorum, Hewlett-Packard kompaniyasining sobiq rahbari Karli Fiorina, Floridaning sobiq gubernatori Jyeb Bush, milliarder Donald Tramp hisoblanadi. Shuningdek, Nyu-Yorkning sobiq gubernatori, respublikachi Jorj Pataki yaqin qarindoshi og‘ir xastalikka chalingani uchun o‘z nomzodini qaytarib olgan.
Respublikachilar o‘z saylovoldi s'yezdini 2016 yilning 18-21 iyul kunlarida Klivlendda o‘tkazishni rejalashtirishgan.
 

Demokratlardan esa bungacha sobiq davlat kotibi Hillari Klinton, Rod-Aylendning sobiq gubernatori Linkoln Cheffi, Merilend shtatining sobiq gubernatori Martin O`Melli hamda Vermont shtatidan bo‘lgan mustaqil senator, demokratik qarashlarga ega bo‘lgan partiyasiz Bernard Sanders o‘z nomzodlari haqida e'lon qilishgandi. Demokratlarning saylovoldi s'yezdi 2016 yilning 25-28 iyul kunlarida, Filadelfiyada o‘tkaziladi.
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish