Texnologiya | 11:44 / 14.07.2015
2153
3 daqiqa o‘qiladi

Apple smartfonlar bozoridagi daromadning 92 foizini qo‘lga kiritdi

Apple kompaniyasi 2015 yilning birinchi choragida jahon smartfonlar bozoridagi daromadning 92 foizini qo‘lga kiritdi. Bu bilan kompaniya navbatdagi moliyaviy rekordini o‘rnatdi.
Bir yil muqaddam bu ko‘rsatkich 65 foizni tashkil qilgan edi, Apple smartfonlarining donabay sotilishi ko‘rsatkichi esa jahon bozorida 20 foizga teng bo‘lgandi.
Canaccord Genuity markazi tadqiqotchilari olib borgan hisob-kitoblarga qaraganda, ikkinchi o‘rinda turgan Samsung daromadning 15 foiziga egalik qildi. Uchinchi o‘rinda Microsoft 4 foizlik ko‘rsatkich bilan turibdi.
Daromad va buromad hisob-kitoblarining o‘ziga xosligi shundan iboratki, tahlilchilar nafaqat yetakchilarning daromadini, balki ortda qolayotgan ishlab chiqaruvchilarning zararini ham hisoblaydi. Axir zarar ko‘rayotgan korxonalar shu yo‘l bilan bozorni moliyalashtiradi. Shu bois yetakchilarning umumiy daromad hajmi 100 foizdan oshiq ko‘rsatilishi mumkin.

Mutaxassislarning aytishicha, Apple’ning bunday natijaga erishishida iPhone 6 apparatining o‘ziga xosligi birlamchi ahamiyat kasb etadi.
O‘z navbatida, Samsung ketma-ket yettinchi chorakda daromad tushganligini tan olishga majbur bo‘ldi. Kompaniya o‘z mahsulotiga ortiqcha baho berib yuborib, juda ko‘p Galaxy S6 smartfonlarini ishlab chiqardi.
Apple esa, aksincha, ishlab chiqarishni o‘stirmoqda. Kompaniya yil so‘ngiga qadar 85-90 mln smartfonni bozorga chiqarshin rejalashtirmoqda. iPhone’ning asosiy ishlab chiqaruvchisi, Foxconn kompaniyasi Chjenchjoudagi eng yirik zavodiga yangi ishchilar olishni boshlab yubordi. Yangi iPhone 6S smartfonlari shu yilning kuzida taqdim etilib, avgustdan ishlab chiqarila boshlanadi.
Boshqa ishlab chiqaruvchilar yetakchilarga yetib olish uchun turli strategiyalarni ko‘zdan kechirmoqda. Jumladan, Lenovo Google’ning mobil bo‘linmasi Motorola Mobility’ni sotib olib, olti chorak davomida uni foydaga olib chiqishga intilmoqda. Xiaomi va Microsoft esa smartfonlar sotilganidan so‘ng pullik xizmatlardan daromad ko‘rish strategiyasini qo‘llamoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish