Sport | 09:13 / 14.07.2015
4020
3 daqiqa o‘qiladi

Moskvada qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionati boshlandi

13 iyul kuni Moskva shahridagi "Olimpiyskiy" nomli sport majmuasida mukofot jamg‘armasi 1,05 mln dollarga teng bo‘lgan qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionati boshlandi. Chempionat 19 iyul kuniga qadar davom etadi.

Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi shafeligida o‘tkaziladigan mazkur nufuzli musobaqada dunyoning bugungi kundagi eng mahoratli qilichbozlari shpaga, rapira va shamshir bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan shaxsiy hamda jamoaviy bahslarda 12 komplekt medallar uchun kurash olib borishadi.

Chempionlik o‘rinlari uchun dunyoning 108 mamlakatidan keladigan 912 nafar sportchi o‘rtasida kurash kechadi.

Ushbu jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini Ruslan Kudayev, Roman Aleksandrov, Oleg Sokolov va Aleksey Tishko shpaga bellashuvlarida, Gulmira Ziyayeva esa rapira bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda himoya qiladi.

Ma'lumot uchun. Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi shafeligida dastlabki xalqaro turnir 1921 yili Parij shahri (Fransiya)da o‘tkazilgan. Bu va keyingi turnirlar ham unda asosan Yevropa davlatlari vakillari ishtirok etganligi bois Yevropa musobaqalari sifatida nomlanib kelingan. 1937 yilda Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi mazkur musobaqaga jahon chempionati maqomini bergan va bunga qadar bo‘lib o‘tgan musobaqalarni ham dunyo birinchiligi sifatida tan olgan.

Jahon chempionatlari Olimpiada o‘yinlari o‘tkaziladigan yillardan boshqa har yili o‘tkazilib kelinadi. Jumladan, shpaga bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi musobaqalar 1921 yildan, shamshirda 1922 yildan va nihoyat rapirada 1926 yildan o‘tkazilib kelinadi. Ayollar o‘rtasida rapira bo‘yicha musobaqalar 1929 yildan, shpagada 1989 yildan, shamshir bo‘yicha esa 1999 yildan boshlab o‘tkaziladi.

Erkaklar o‘rtasida jamoaviy musobaqalar rapirada 1929 yildan, shamshir va shpagada esa 1930 yildan boshlab o‘tkazilib kelinadi. Xotin-qizlar o‘rtasida esa rapira bo‘yicha jamoaviy bahslar 1932 yildan, shpaga bo‘yicha 1989 yildan va nihoyat shamshir bo‘yicha jamoaviy bahslar 1999 yildan o‘tkaziladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish