Sport | 12:27 / 14.07.2015
2065
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshining "Sevinch" jamoasi ichki chempionatda birinchi davradan keyin yaqqol peshqadam bo‘lib turibdi

O‘zbekiston ayollar futboli bo‘yicha ichki chempionatning birinchi davrasi yakunlandi.

Birinchi davradan keyin peshqadam jamoalar yaqqol ajralib turishibdi. Jadvalda birinchi va to‘rtinchi o‘rin egalari orasida 12 ochkolik farq mavjud.

Birinchi o‘rinda odatdagidek Qarshining "Sevinch" jamoasi joylashgan. O‘zbekistonning 11 karra chempionlari bu yilgi mavsumda hali birorta ham o‘yinda mag‘lub bo‘lishmadi. Vladislav Xan boshqaruvidagi jamoa 11ta o‘yinning barchasida g‘alaba qozongan va bu o‘yinlarda raqiblar darvozasini 56 marta ishg‘ol etib, o‘z darvozalaridan 6ta gol o‘tkazib yuborishgan hamda 33 ochko bilan yaqqol peshqadamga aylanishgan.

Turnir jadvalining ikkinchi o‘rnida esa 11 turda 28 ochko to‘plagan "Metallurg" joylashgan. Sherali Boboqulov shogirdlari 11 o‘yinda 9 g‘alaba, 1 mag‘lubiyat va bir durang qayd etishgan. To‘plar nisbati esa 63:7 ko‘rinishida. Bu jamoaning asosiy hujumchisi 34 yoshli Nargiza Abdurasulova raqiblar darvozalariga urilgan 63ta goldan 43tasiga mualliflik qilgan.

Uchinchi o‘rinda esa "Bunyodkor" qizlar jamoasi ketmoqda. Ular 24 ochko jamg‘argan holda "Andijanka" (21 ochko) jamoasidan o‘zib ketishgan.

"Xorazmning "To‘maris" jamoasining ahvoli juda og‘ir. Bu jamoa barcha o‘yinlarda mag‘lub bo‘lishdi. Bunday hodisa 5 yildan beri kuzatilmagandi", deydi Ayollar futboli uyushmasi bosh mutaxassisi Alisher Fayziyev.

Ikkinchi davra bahslari 3 avgust kunida boshlanadi.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish