Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
US Open turnirining mukofot jamg‘armasi 42,3 mln dollarni tashkil etadi
Tennis bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi to‘rtta turnirning so‘nggisi –US Open, ya'ni AQSh Ochiq chempionatining mukofot jamg‘armasi ilk bor 40 million dollardan oshdi. Aniqrog‘i, bu yilgi musobaqa mukofot fondi 42,3 million dollarni tashkil etadi. Bu o‘tgan yil bilan taqqoslaganda 10,5 foiz ko‘p demakdir.
Joriy yilgi US Open turniri 31 avgust kuni Nyu-York shahrida start oladi.
So‘nggi uch yil ichida US Open turnirining sovrin jamg‘armasi 67 foizga ko‘paygan. Yakkalik bahslarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan tennischilar 3,3 million dollarga ega bo‘lishadi. O‘tgan yili bu summa 3 million dollarni tashkil qilgandi.
Finalga yetib kelgan tennischilar esa o‘yindan oldin 1,6 million dollarni naqd qilishadi. Birinchi davrada ishtirok etgan tennischilarning barchasi esa ko‘rsatgan natijasidan qat'i nazar 39 500 dollarga ega chiqishadi.
Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, bu yil o‘tkazilgan “Katta Dubulg‘a”ning qolgan uchta turnirida mukofot jamg‘armasi AQShdagidan kamroqni tashkil etgan. Avstraliya Ochiq chempionati g‘oliblari 2,5 million, “Rolan Garros” chempionlari 2 million, “Uimbldon” g‘oliblari esa 2,9 million dollar mukofot pulini qo‘lga kiritishgan.