Sport | 01:32 / 16.07.2015
1792
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Meyuezer 12 sentabrda hamyurti Berto bilan jang o‘tkazadi

AQShlik mashhur charm qo‘lqop ustasi Floyd Meyuezer 12 sentabrda bo‘lib o‘tadigan o‘zining faoliyatidagi oxirgi jangi uchun raqibini aniqlashtirib oldi. Sweet Science nashrining ma'lum qilishicha, Meyuezer hamyurti Andre Bertoga qarshi ringga tushadi.

Manbaning ma'lumotlariga ko‘ra, Meyuezer ushbu so‘nggi jangi uchun 30-35 mln dollar atrofida gonorar olishi mumkin. Bu jang bokschining “Shoutaym” telekanali bilan 6 jangga tuzgan shartnomasidagi so‘nggi jang bo‘ladi.

Nashrning qayd etishicha, agar Meyuezer jangda yutadigan bo‘lsa, o‘z faoliyatini davom ettirishi va “Shoutaym” bilan yangi shartnoma imzolashi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Telekanal rahbarlari hamda bokschilarning vakillari ushbu holatga izoh berishdan bosh tortishdi.

Meyuezer 3 mayda Las-Vegasda filippinlik bokschi Menni Pakyaoga qarshi o‘tkazgan o‘zining oxirgi jangida 66,68 kg gacha vazn toifasidagi uchta kamarni o‘zida to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
Biroq bokschi 7 iyul kuni muayyan sabablarga ko‘ra ulardan biri – VBO unvonidan mahrum etildi.

Meyuezerning hisobida 48 ta uchrashuvdan 48 ta g‘alaba, 31 yoshli Berto hisobida esa 30 ta g‘alaba va 3 ta mag‘lubiyat bor. Berto o‘zining so‘nggi jangida hamyurti Xosesito Lopesni mag‘lubiyatga uchratib, VBA ning “vaqtinchalik” jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Berto 2008-2010 yillarda VBS talqini bo‘yicha va 2011 yilda IBV talqini bo‘yicha jahon chempioni unvonlariga egalik qilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish