Jahon | 09:50 / 16.07.2015
4236
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston Kaspiy sohilida sun'iy orol yaratadi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov vertolyot bortidan turib Turkmanboshi shahrida qurilayotgan xalqaro dengiz porti qurilishi ishlari bilan tanishib chiqdi.

“2020 yilga qadar Turkmanboshi xalqaro dengiz porti va Turkmaniston dengiz flotini rivojlantirish bosh rejasi”ga muvofiq, portning umumiy maydoni 138.5 gektarni tashkil qiladi. Uning bir qismi dengiz akvatoriyasida joylashadi. Loyiha parom, yo‘lovchi va yuk terminallarining qurilishini ko‘zda tutadi. Portning kema to‘xtash chizig‘ining umumiy uzunligi 3 607 m ni tashkil qiladi.

Qirg‘oq infrastrukturasi avtomobil va temir yo‘llaridan iborat bo‘ladi.

Davlat axborot agentligining xabar qilishicha, akvatoriyani chuqurlashtirish uchun 7.5 mln kubometr suv osti tuprog‘ini chiqarib olish talab qilinadi. Bu tuproqdan portdan 4 km masofada sun'iy orol yaratish ko‘zlanmoqda. Tekshiruvlar dengiz akvatoriyasining tozaligini hamda orol qurilishi uchun sarflanadigan tuproqning atrof muhit uchun xavfsizligini tasdiqladi. Bu orol yuz minglab qushlar uchun makon bo‘ladi. Tuproqni olib o‘tish uchun 5 310 m li quvur o‘tkazilmoqda, shuningdek, 3 800 m li to‘g‘on qurilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish