Sport | 08:55 / 17.07.2015
2147
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik dzyudochilar "Ulkan toj" turnirida ishtirok etishadi

18-19 iyul kunlari Rossiyaning Tyumen shahrida dzyudo kurashi bo‘yicha “Ulkan toj” turkumiga kiruvchi yirik xalqaro turnir o‘tkaziladi.

Mazkur nufuzli musobaqada 55 davlatdan kelgan 328 nafar sportchi (185 nafar erkak – 143 nafar ayol) ikki kun davomida sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi. Ushbu turnirda, shuningdek, 2016 yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun reyting ochkolar ham o‘ynaladi.

Jumladan, o‘z vaznida birinchi o‘rinni egallagan sportchi 500 reyting ochkosiga ega bo‘lsa, kumush medal sovrindori 300, bronza medali sohibi esa 200 reyting ochkosiga ham ega bo‘ladi.

Mazkur xalqaro turnirda O‘zbekiston sharafini G‘iyosjon Boboyev (-73 kg), Soib Qurbonov (-100 kg), Ramziddin Saidov (-100 kg) erkaklar o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqalarda, Gulnoza Matniyozova (-70 kg) esa xotin-qizlar o‘rtasidagi musobaqada himoya qiladi.

Ma'lumki, shu yilning avgust oyida Astana shahri (Qozog‘iston)da dzyudo kurashi bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon chempionati bahslari o‘tkaziladi. Tyumen shahrida tashkil etilayotgan turnir Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan dunyo birinchiligi oldidan o‘tkazilayotgan so‘nggi yirik xalqaro musobaqa hisoblanadi.

Birinchi kun o‘tkaziladigan musobaqalarda erkaklar o‘rtasida -60, -66 va -73 kg, xotin-qizlar orasida esa -48, -52, -57 va -63 kg. vazn toifalarida sovrindorlar nomi ma'lum bo‘ladi. Ikkinchi kungi bahslarda esa erkaklar o‘rtasida -81, -90, -100 va 100 kg.dan yuqori vazndagi polvonlar tatamiga chiqishsa, ayollar o‘rtasida -70, -78 hamda +78 kg. vazn toifalarida bellashuvlar o‘tkaziladi.

Ma'lumot uchun, xalqaro dzyudo federatsiyasi tizimida “Ulkan toj” turkumiga kiruvchi beshta musobaqa mavjud bo‘lib, bosqichma-bosqich o‘tkaziladi. Jumladan, 2015 yilgi “Ulkan toj” turkumidagi musobaqalarning dastlabki bosqichi may oyida Ozarboyjonda bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi bosqchi musobaqasiga Tyumen shahri mezbonlik qiladi. Uchinchi bosqich musobaqalari oktabr oyida Parij (Fransiya), to‘rtinchi bosqich oktabr – noyabr oylarida Abu-Dabi (BAA)da va nihoyat yakunlovchi beshinchi bosqchi musobaqalari dekabr oyida Yaponiya poytaxti Tokio shahrida o‘tkaziladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish