O‘zbekiston | 10:47 / 18.07.2015
5494
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Mustaqillik kuniga tayyorgarlik ko‘ra boshladi

17 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 24 yiligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Hujjat mustaqillikning tub mohiyatini chuqur tushunish, fuqarolar va jahon hamjamiyatiga O‘zbekistonning ushbu yillarda bosib o‘tgan rivojlanish yo‘li, olib borilgan islohotlar va erishilgan yutuqlarning mazmunini yetkazish, fuqarolarni yangi cho‘qqilar sari intilishga ruhlantirish, mamlakatning eng asosiy bayramini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida qabul qilindi.
Davlat rahbari Mustaqillik kuni bayramini o‘tkazishga tayyorlanish bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibini tasdiqladi. Komissiyaga bir hafta ichida tashkiliy-amaliy, madaniy-ma'rifiy va axboriy-tushuntirish tadbirlari dasturini ishlab chiqish topshirildi. Dasturni tayyorlashda quyidagi istiqbolli yo‘nalishlarga alohida e'tibor qaratish tavsiya qilindi:
Mustaqillik O‘zbekiston xalqi uchun milliy davlatchilikni, o‘z huquq va qadriyatlarini, urf-odat va an'analarini, dinini, tarixini va ajdodlarining xotirasini tiklash, barkamol avlod tarbiyalash yo‘lida ulkan imkoniyatlarni ochib berganiga alohida urg‘u berish;
O‘zbekiston o‘z vaqtida ma'muriy-buyruqbozlik tizimidan, bir yoqlama iqtisodiyotdan, “shok terapiyasi” singari modellardan voz kechib, besh tamoyilga asoslangan taraqqiyot yo‘lini tanlagani va bu yo‘lda ma'lum muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritganini aks ettirish, taraqqiyotning o‘zbek modeli nomini olgan strategiyani amalga oshirishda erishilgan yutuqlarni yoritish;
Yaqin o‘tmishda qoloq agrar davlat bo‘lgan, iqtisodiyoti paxtachilik va paxtani birlamchi qayta ishlashga asoslangan O‘zbekiston bugun sanoati rivojlangan, iqtisodiyoti tez sur'atlarda o‘sayotgan, yuqori salohiyatli yuqori texnologiyalarning joriy qilinishi hisobidan yalpi ichki mahsulotida sanoatning ulushi 25 foizga yetgan davlatga aylanganini ko‘rsatib berish.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish