Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbek fermerlari "Libramont-2015" xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishadi
Joriy yilning 24-27 iyul kunlarida Belgiyaning Libramon shahrida an'anaviy “Libramont-2015” xalqaro qishloq xo‘jaligi va parrandachilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
Yevropadagi eng yirik anjumanlardan biri hisoblanadigan mazkur ko‘rgazmada qishloq va o‘rmonchilik xo‘jaligi, chorvachilik sohasiga ixtisoslashtirilgan yetakchi kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan rang-barang mahsulotlar, texnologiya va asbob-uskunalar dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan xaridorlarning e'tiboriga havola qilinadi.
Ko‘rgazma har yili muayyan sohaga bag‘ishlanadi. Joriy yilda sakson birinchi marotaba o‘tkaziladigan ushbu xalqaro tadbirda Belgiya va Yevropaning 1800 yetakchi fermerlari - chorvadorlar va qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilari 80 ming kvadrat metr sahnda o‘z mahsulotlarini namoyish qilishadi. Tashkilotchilarning ma'lumotlariga ko‘ra, har yili 200 ming nafardan ziyod kishi, shu jumladan, xalqaro delegatsiyalarning 4 ming nafar a'zosi mazkur ko‘rgazma ishi bilan tanishadi.
“Libramont” doirasida simpoziumlar, seminarlar, anjuman va boshqa tadbirlar o‘tkazilishi ham an'anaga aylangan. Ularda soha ekspertlari, yetakchi konsernlar, kompaniyalarning top-menejyerlari hamda qishloq xo‘jaligi va chorvachilik boshqaruvi idoralarining rahbarlari ishtirok etishadi.
Ushbu nufuzli yarmarka ishida qariyb 20 fermerlik xo‘jaliklarining rahbarlari va vakillaridan iborat bo‘lgan O‘zbekiston fermerlari delegatsiyasi ham qatnashadi. O‘z-o‘zidan ayonki, asosiy e'tibor namoyish etilayotgan mahsulotlar bilan tanishishga, qishloq xo‘jaligi sohasi rivoji uchun zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish imkonini beruvchi uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarga qaratiladi.