O‘zbekiston | 11:05 / 21.07.2015
2254
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda kommunal sohadagi xizmatlar uchun to‘lovlarni nazorat qilish kuchaytiriladi

Toshkent shahar hokimligi, mutasaddi tashkilotlar hamkorligida «Kommunal xizmat va obodonlashtirish hamda sanitariya va veterinariya qoidalarini, shuningdek, shaharsozlik va pasport tizimiga oid qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlikni ta'minlashda nazorat organlari va boshqa mutasaddi idoralarning mas'uliyatini yanada oshirish to‘g‘risida»gi 107-f-sonli qo‘shma farmoyish qabul qilindi.

«O‘zdavneftgazinspeksiya» hamda «O‘zdavenergonazorat» inspeksiyasining Toshkent shahar bo‘limi, shuningdek, barcha tuman gaz foydalanish xizmatlari va elektr ta'minoti korxonalari rahbarlariga umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish, shuningdek, elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga qasddan shikast yetkazish yoki bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish kabi holatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda amalga oshirishning tashkillashtirilishi, huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan murosasizlik bildirib, qonuniy choralar ko‘rilishi ta'kidlandi.

Barcha huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari hamda boshqa kommunal sohadagi mutasaddi idora rahbarlariga kommunal xizmat va obodonlashtirish sohasidagi qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlikni ta'minlashda xodimlarning mas'uliyatini yanada oshirib, bu boradagi aholining huquqiy ongi va madaniyatini bundanda ko‘tarishga erishilishi, barcha huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining mas'ul xodimlari huquqbuzarlarga nisbatan ma'muriy hujjatlarni rasmiylashtirishda o‘z xizmat kiyimlarida bo‘lishlarining ta'minlanishi alohida ko‘rsatib o‘tildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish