Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moskva metrosi vagonlari eshiklarini ushlab turuvchi yo‘lovchilar jarimaga tortiladi
Moskva metrosida poyezd vagonlari eshiklarining yopilishiga xalaqit beruvchi yo‘lovchilar jarimaga tortiladi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.
Moskva meri o‘rinbosari Maksim Liksutovning aytishicha, poyezdlarning jo‘nashiga xalaqit qiluvchi va vagon eshiklarini ushlab turuvchi yo‘lovchilar ma'muriy huquqbuzarlarga tenglashtiriladi.
Moskva metrosidan foydalanish qoidalariga tegishli o‘zgartirishlar Moskva hukumati prezidiumi yig‘ilishida kiritildi.
Liksutovning aytishicha, endi vagonga eshiklarning yopilishi haqida yorug‘lik va ovozli signal berilgandan keyin kirish taqiqlanadi. “Ba'zilar so‘nggi lahzada vagonga sakrab chiqadilar, eshiklarni ushlab turadilar va endi bunday holatlar metrodan foydalanish qoidalarining buzilishi sifatida qabul qilinadi”, deb aytmoqda Liksutov. Endi bunday xatti-harakatlarni amalga oshirgan yo‘lovchilarga ming rubl miqdorida jarima solinadi. Bunday qoidabuzarliklarni rasmiylashtirish bilan stansiyada navbatchilik qilayotgan politsiya xodimlari shug‘ullanadi.