Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tadqiqot: yangi tug‘ilgan chaqaloqning miyasi nutqni kattalarning miyasiday qabul qiladi
Tadqiqotchilarning aniqlashicha, yangi tug‘ilgan chaqaloqning miyasi nutqni kattalarning miyasiday qabul qiladi: bir necha kunlik bola nutq ichidan so‘zlarning asosiy qismlarini ajratib olish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Tadqiqot tafsilotlari Developmental Science jurnalida chop etildi.
Psixolingvistlarning ta'kidlashicha, nutqni qabul qilish jarayonida bosh miya so‘zning boshidagi va oxiridagi bo‘g‘inlarga o‘ziga xos reaksiya beradi, negaki ular so‘zning asosiy individualligini tashkil qiladi. Jumladan, so‘z oxirida grammatik yoki leksik ma'noni belgilab beruvchi turli qo‘shimchalar joylashishi mumkin.
Olimlar o‘tkazgan tadqiqotda bolalar va kattalarning bu boradagi qobiliyatlari bir xil ekanligi aniqlandi. Olimlar bir qancha yangi tug‘ilgan bolalarga bir necha hafta davomida muayyan so‘zlarni aytib, ularda ko‘nikish hosil qilishgan. So‘ng so‘zdagi bo‘g‘inlar tartibini o‘zgartirib yana ko‘nikma hosil qilishga harakat qilishgan. Bu pallada miya faolligining tekshirilishi shuni ko‘rsatdiki, bolalar o‘rtadagi bo‘g‘inlar o‘zgarishiga e'tibor qaratmaydi, ammo so‘z boshidagi va oxiridagi bo‘g‘inlar o‘zgarishi ularda faollik keltirib chiqaradi.