Jahon | 18:14 / 25.07.2015
2193
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada terrorizmga aloqadorlikda gumon qilinib hibsga olinganlar soni 600 nafarga yaqinlashdi

24-25 iyul kunlari davomida Turkiyada olib borilgan aksilterror operatsiyalar davomida turli terrorchi tashkilotlarga aloqdadorlikda gumon qilinib, mamlakatdagi 22 viloyat bo‘ylab 600 nafarga yaqin kishi hibsga olingan. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘lu ma'lum qildi.

"Biz "IShID" va Kurdiston ishchilar partiyasi tomonidan bo‘lishi mumkin xavfning oldini olish choralarini ko‘ryapmiz. O‘tgan tunda politsiya va maxsus xizmat xodimlari yana 288 kishini qo‘lga oldi va terrorizmga aloqadorlikda gumon qilinib qo‘lga olinganlarning soni 590 nafarga yetdi", deb ma'lum qildi bosh vazir.

Uning ta'kidlashicha, mamlakat parlamenti uchun saylovlar o‘tkazilgan 7 iyun kunidan beri Turkiyada 212 qurolli hujum, 15 kishining o‘g‘irlab ketilishi va 281ta terakt sodir etilgan. Natijada huquq-tartibot xodimlarining 5 nafari hayotdan bevaqt ko‘z yumgan.

Eslatib o‘tamiz, 20 iyul kuni Turkiyaning Suriya bilan chegara qismidagi Suruch shahrida 30 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan terakt va 23 iyul kuni Suriya hududidan otilgan snaryad tufayli Kilis viloyatida turk chegarachisi halok bo‘lishidan keyin, hukumat terrorizmga qarshi keng kurash boshladi. Mamlakat ichkarisida olib borilayotgan aksilterror harakatlari bilan bir vaqtda chegara hududidan turib Suriya va Shimoliy Iroqdagi jangarilarning harbiy obektlariga havodan hamda quruqlikdan zarbalar yo‘llanmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish