Jahon | 14:50 / 25.07.2015
2992
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada "Xalola" tayfuni yaqinlashayotgani tufayli 100dan ortiq aviareyslar bekor qilindi

Yaponiyaning Okinava prefekturasidagi aeroportlarda 100dan ortiq aviareyslar bekor qilindi. Bunga mamlakat hududiga "Xalola" nomini olgan kuchli tayfun yaqinlashayotgani sabab bo‘ldi.
NHK telekanalida ma'lum qilinishicha, hududda kemalar qatnovi ham to‘xtatilgan.

Yaponiya meteorologiya agentligi xizmatining ma'lum qilishicha, bu tabiiy ofat Yaponiyaga 25 iyul kuni kechasi yetib keladi. Ma'lum qilinishicha, tayfun tezligi sekundiga 35 metrni tashkil etadi. Ayni vaqtda tayfun soatiga 15 km tezlik bilan harakatlangan holatda Okinava prefekturasiga yaqinlashmoqda.

Mutaxassislar Okinava va Kagosimada kuchli yomg‘ir bo‘lishidan ogohlantirishgan. Qirg‘oq hududlarida dengiz sathi 8 metr balandlikka ko‘tarilishi mumkinligi aytilgan. Taxminlarga ko‘ra, tayfun Okinavadan o‘tib, shimoli-sharqdagi Xonsyu oroliga ham zarar yetkazishi mumkin.

"Xalola" tayfuni joriy yil hisobida Tinch okeani hududidan Sharqiy Osiyoga yaqinlashayotgan o‘n ikkinchi tayfun bo‘ladi.
1 hafta oldin Yaponiyaga "Nangka" tayfuni yetib kelgan va mamlakatning janubi-sharqiy hamda markaziy qismiga zarar yetkazib, 4 kishining halok bo‘lishiga, 56 kishining jarohat olishiga sabab bo‘lgandi. O‘shanda hukumat 500 ming kishini xavfli hududlardan evakuatsiya qilgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish