Jamiyat | 17:23 / 28.07.2015
8360
3 daqiqa o‘qiladi

Aholi oilaviy poliklinikadagi o‘z shifokorini uyiga chaqirish huquqiga ega

Aholi oilaviy poliklinikadagi o‘z shifokorini uyiga chaqirish huquqiga ega. Bu haqda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 4-sonli oilaviy poliklinikaning umumiy amaliyot shifokori Tojiniso Abdurahmonova aytib o‘tdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda uch mingdan ko‘proq qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikada aholiga birlamchi tibbiy-profilaktika yordami ko‘rsatilmoqda. Oilaviy poliklinikalarning ixtisosligi, ularning aholiga ko‘rsatadigan xizmatlari haqidagi savollarga javob berarkan, Abdurahmonova bunday muassasalarda ishlaydigan shifokorlarning ish tartibi hamda vazifalari haqida batafsil gapirib o‘tdi.
“Oilaviy poliklinikaga xonadonning har bir a'zosi murojaat qilishi mumkin, – uning so‘zlarini keltiradi “Oila davrasida” nashri. – Aholi oilaviy poliklinikadagi o‘z shifokorini uyiga chaqirish huquqiga ega. Buning uchun poliklinikaga qo‘ng‘iroq qilib, manzili va bemorning ahvoli haqida ma'lumot qoldiradi. Keyin uchastka shifokori yoki boshqa bir umumiy amaliyot shifokori aytilgan xonadonga borib, bemorga tashxis qo‘yishi va davolash muolajalarini tavsiya qilishi mumkin. Agar bemorning ahvoli og‘ir bo‘lsa, yo‘llanma orqali biror tibbiy maskanga yuboradi.
Bir kunda olti soatlik ish kunimning to‘rt soatini poliklinikada ko‘riklarga ajrataman. Bu muddat oralig‘ida 17-20 nafargacha bemorni qabul qilaman. Qolgan ikki soat davomida xonadonlarga borib, bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazaman.
Masalan, menga 510 ta xonadon biriktirilgan. Xonadonlarda chaqaloqlar tug‘ilsa, 4-5 haftaligigacha, haftasiga 2-3 marta borib, ona va bolaning salomatligini nazorat qilib turamiz. Ikki oylik bo‘lgach, chaqaloqlarni oilaviy poliklinikalarga olib kelib ko‘rikdan o‘tkazib ketishadi. Yolg‘iz keksalar, surunkali bemorlar, nogironlar holidan har oyda muntazam xabar olib turamiz.
Bundan tashqari, hududga biriktirilgan hamshiralar ham bir oyda bir marotaba oilalarga kirib, aholining tibbiy ahvolidan xabar olib turishlari kerak”.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish