Jahon | 15:08 / 28.07.2015
6620
2 daqiqa o‘qiladi

Muammar Kaddafining o‘g‘li o‘limga hukm qilindi

Liviyaning sobiq diktatori Muammar Kaddafining o‘g‘li Sayf al-Islomga otib o‘ldirish jazosi tayinlandi. Bu haqda "Al-Jazira" xabar berdi.

Liviya jinoyat sudi marhum diktator Kaddafi tuzumi davridagi 8 nafar yuqori mansabli amaldorlarni 2011 yilda yuz bergan xalq qo‘zg‘oloni vaqtida harbiy jinoyatlar amalga oshirganlikda aybladi. Sud Muammar Kaddafining o‘g‘lidan tashqari mamlakatning sobiq bosh vaziri Al-Bag‘dodiy al-Mahmudiy hamda razvedka boshlig‘i Abdulla as-Sunusiyni o‘limga hukm qilgan.

Ma'lum qilinishicha, Sayf al-Islom jinoiy harakatlarda ishtirok etmagan, lekin Skype orqali ko‘rsatmalar berib turgan.

Ayni vaqtda Liviyaning Zintan shahrida joriy hukumatdan norozi kuchlar o‘rnashib olgan va ular marhum diktatorning o‘g‘lini ozod etishni niyat qilishgan.

Ma'lumot uchun, Sayf al-Islom 2011 yilning noyabrida Liviya hududida qo‘lga olingan. O‘shanda Gaaga tribunali ham uni inson huquqlariga qarshi jinoyatlari uchun sud qilish maqsadida o‘ziga topshirilishini so‘ragan, lekin liviyaliklar uni berishdan bosh tortishgandi.

Liviyada u va boshqa sobiq amaldorlar ustidan sud jarayoni 2013 yilning oktabridan buyon davom etib kelayotgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish