Jamiyat | 17:01 / 28.07.2015
2374
2 daqiqa o‘qiladi

NATO mamlakatlari elchilari teraktlarni qoraladi

NATOga a'zo davlatlarning elchilari Turkiya talabiga ko‘ra to‘plangan uchrashuvda ushbu mamlakatda oxirgi kunlarda sodir etilgan teraktlarni qoralab chiqishdi. Bu haqda RIA Novosti agentligi xabar bermoqda.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra e'lon qilingan kommyunikeda Turkiyaga bu borada yordam ko‘rsatish yo‘nalishida hech qanday konkret choralar ko‘rsatilmagan.
Eslatib o‘tamiz, bugun Turkiya jandarmlari Arzirum viloyatidagi bo‘linmaga hujum uyushtirgan uch nafar jangarini yo‘q qildi. Ularning Kurdiston ishchi partiyasiga aloqadorligi aytilmoqda. Mahalliy televideniye orqali xabar berilishicha, kelib chiqqan otishmada uchala jangari ham o‘ldirilgan.
Shu bilan birga, mamlakat janubi-sharqidagi Mush viloyatida jangarilar jandarmeriya garnizoni komandirining mashinasini o‘qqa tutgan. Mashinada uning rafiqasi va bolasi bo‘lgan. Ularga ziyon yetmagan, ammo zobitning o‘zi olingan jarohatlardan vafot etgan.
Bundan tashqari, dushanba kuni Van viloyatidagi avtotrassada jandarmlar va jangarilar o‘rtasida otishma yuzaga keldi. Ekstremistlar yo‘lni to‘sib qo‘yib, haydovchilarning hujjatlarini tekshirib, “shubhali”larni o‘tkazishmagan. Ular bitta yuk mashinasiga o‘t qo‘ygan. Voqea joyiga yetib kelgan jandarmlarga qarata avtomatik qurol va granatomyotlardan o‘q uzilgan. Jinoyatchilar yaqin atrofdagi tog‘larga berkinishga ulgurgan, ularni qidirish bo‘yicha maxsus operatsiya boshlab yuborilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish