Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Braziliyadagi Olimpiadada sportchilar haddan tashqari iflos suvlarda ishtirok etishlariga to‘g‘ri keladi
Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlarida suzuvchilar va eshkakchilar iflosligi darajasi bo‘yicha oqava suvlarniki bilan barobar bo‘lgan suv havzalarida ishtirok etishlariga to‘g‘ri keladi, deb xabar bermoqda ushbu holat bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga iqtibos keltirgan holda Associated Press axborot agentligi.
Musobaqalar o‘tkaziladigan Rodrigu-di-Freytash ko‘li, Guanabara bo‘g‘ozi, Kopakabana va Ipanema plyajlaridagi suvlardan 37ta namuna olindi. Namunalar tahlil qilingach, bu joylardan birortasi ham suzuvchilar salomatligiga xavfsiz emas deb topilmadi.
Kaliforniyalik olimlar o‘tkazgan tahlillar asosida jurnalistlar bu joylardagi suvlarda odam uchun xavfli miqdorda virus va bakteriyalar borligini ta'kidlashmoqda. Bu holat suvlar odam faoliyatining chiqindilari bilan katta miqyosda ifloslanganligi bilan bog‘langan. Agentlikning ta'kidlashicha, musobaqalar o‘tkaziladigan suvlardagi zararli mikroorganizmlar miqdori Janubiy Kaliforniya plyajlarida o‘rnatilgan xavfli darajadan 1,7 mln marotaba ko‘proqni tashkil qiladi.
“Bu suvlar deyarli tozalanmagan oqava suvlardir”, deb izoh bermoqda dengiz biologi Jon Griffit. Olingan suv namunalarida adenoviruslar, rotavirus va najas ichak tayoqchalari Braziliya qonunchiligida ko‘zda tutilgan me'yorlardan ham ancha ko‘p miqdorda ekanligi aniqlangan.
Braziliya hukumati Olimpiada uchun ataylab tozalagan Rodrigu-di-Freytash ko‘li eng ifloslangan suv havzasi deb topildi, bu yerda 1 litr suvda 14 mln dan 1,7 mlrd gacha adenoviruslar aniqlangan.
Braziliyadagi Olimpiadada suv sporti turlarida 1,4 mingga yaqin sportchi qatnashadi.