Jahon | 22:40 / 02.08.2015
2430
2 daqiqa o‘qiladi

Kerri: "Oltilik" bilan Eron o‘rtasidagi kelishuv Yaqin Sharqni xavfsizroq qiladi

BMT xavfsizlik kengashining 5 nafar doimiy a'zosi va Germaniyadan tashkil topgan “oltilik” va Tehron o‘rtasida Eron yadroviy dasturi bo‘yicha erishilgan kelishuv Yaqin Sharqni xavfsizroq qiladi, deb aytdi Misrga ishchi safar bilan kelgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

“Oltilik” va Eron bilan erishilgan kelishuv bajariladigan bo‘lsa, shak-shubhasiz, Yaqin Sharq mintaqasini xavfsizroq qiladi”, deb aytdi Kerri Misr Tashqi ishlar vaziri Somig‘ Shukriy bilan birga o‘tkazgan matbuot-anjumanida.

Shukriy o‘z navbatida kelishuvning bajarilishi “Yaqin Sharqni yadroviy quroldan xoli hududga aylantirishiga” umid bildirdi.

Shukriy tomonlar “Suriya va Yamandagi to‘qnashuvlarni tinchlik yo‘li bilan hal qilish zarurligini ta'kidlab o‘tganlarini” aytib o‘tdi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri 2 avgustda Qohiraga yetib keldi. Kerri, shuningdek, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy bilan uchrashadi.

Kerri o‘zining Yaqin Sharq bo‘ylab safari doirasida Qohiradan Dohaga yo‘l oladi va u yerda 3 avgustda Rossiya va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Odil al-Jubair bilan uchrashadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish