Jahon | 07:36 / 04.08.2015
9228
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada yangi qo‘shin turiga asos solindi

Rossiyada yangi qo‘shin turini yaratish bo‘yicha ishlar o‘z nihoyasiga yetkazildi. Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning ta'kidlashicha, endilikda harbiy-havo kuchlari, havo hujumiga qarshi mudofaa va havo-koinot mudofaasi harbiy-koinot kuchlariga birlashtirildi. Aynan shu qo‘shin turi Rossiyaning havodagi va koinotdagi xavfsizligini ta'minlash bilan bog‘liq barcha ishlar bilan shug‘ullanadi.

Harbiy-koinot kuchlari aviatsiya, havo hujumiga va raketaga qarshi mudofaa qo‘shinlari va orbitaga harbiy koinot qurilmalarini chiqarishga javob beruvchi koinot kuchlari hamda boshqa qo‘shimcha kuchlarni boshqaradi. Mohiyatan bu uchta mustaqil qo‘shin turining bittaga mujassamlanganini aks ettiradi.

Yangi qo‘shin turiga avval harbiy-havo kuchlariga qo‘mondonlik qilgan general-polkovnik Viktor Bondarev boshchilik qiladi.

Bugungi kunda Rossiya mudofaa vazirligi uchun havo-koinot sarhadlaridagi xavfsizlikni ta'minlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Bir nechta qo‘shin turining birlashtirilishi bu vazifaning samaradorligini oshirishi lozimligi aytilgan.

Harbiy ekspertlarning fikricha, havo-koinot kuchlari mamlakatning mudofaa qobiliyatining asosiy elementlaridan biriga aylanadi. Ular xuddi soyabon kabi Rossiya hududini havo-koinot hujumidan asrashga mo‘ljallangan.

Havo-koinot kuchlariga yangi harbiy texnika namunalari yetkazib berilishi allaqachon boshlab yuborildi. O‘tgan yili harbiy-havo kuchlari 200ta yangi samolyot va vertolyot bilan ta'minlandi. Joriy yilda yana shuncha texnika yetkazilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birgalikda, yangi qo‘shin turining oldida o‘z yechimini kutayotgan bir qator muammolar ham turibdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish