Fan-texnika | 13:06 / 05.08.2015
4147
2 daqiqa o‘qiladi

Lexus uchar skeytbord videosini namoyish qildi

Lexus kompaniyasi o‘zi ishlab chiqqan uchar taxtaning (xoverbord) rasmiy videosini e'lon qildi. Bu haqda Toyota kompaniyasining matbuot xizmati xabar berdi.
Amazing in Motion loyihasi doirasida namoyish qilingan videoda sportchi Ross MakGuran uchar taxtadan foydalanishning o‘ziga xos texnikasini ko‘rsatib berdi.
Lexus Hoverboard loyihasi bir yarim yil muqaddam boshlangan edi. Unda Drezden qattiq jismlar va moddashunoslik institutining magnitli levitatsiya sohasi mutaxassislari ishtirok etdi. Aynan shu texnologiya xoverbordga asos bo‘lib xizmat qildi.
200 m li maxsus qoplama Drezdendan Ispaniyaga olib kelindi, unda mutaxassislar sement va daraxt ostiga yuzlab kichik magnitlar o‘rnatdilar. Taqdimot Barselona yaqinidagi Kubeles skeyt bog‘ida bo‘lib o‘tdi.
Ikki daqiqali rolik uch kun davomida rejissyor Genri-Aleks Rubin tomonidan tasvirga tushirildi.
Uchar skeytbord hozircha model shaklida qolib, sotuvga chiqarilmaydi. Loyiha va uskuna qiymati haqida ma'lumot yo‘q.