Jamiyat | 16:57 / 06.08.2015
4226
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada tiriklay ko‘mib yuborilgan kuchuk qutqarib olindi

Parij shahri yaqinidagi hududda fransuz mastifi zotiga mansub it yer ostidan tirik holda chiqarib olinishi bilan bog‘liq voqea katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Bu kuchukning egasi bo‘lmish 21 yoshli yigit o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni imkor qilmoqda va itning o‘zi qochib ketib, qopqonga tushib qolganini iddao etmoqda.

The Telegraph nashrida yozilishicha esa, tergovchilar uning so‘zlariga ishonishmayapti.

"Bu juda dahshatli edi. Men yerdan boshining yarmi chiqib turgan itni ko‘rdim. Uni kimdir yerga ko‘mib tashlagani aniq edi", deb yozadi o‘z feysbukida voqea guvohi.

Ushbu guvoh tezlik bilan politsiyachilarga murojaat qilgan va kuchuk qutqarib olingan.

"Kimdir uning bo‘yniga shag‘al to‘ldirilgan xalta bog‘lab qo‘ygan ekan. Bu holatda jonivor bu chuqurlikdan chiqib keta olmas edi", deb ma'lum qildi politsiya vakili.

Ayni damda bu it maxsus yordam ko‘rsatilishi uchun jonivorlar klinikasiga olib borilgan.

Uning egasi bo‘lgan 21 yoshli yigit esa bu kuchugi bir necha kun oldin g‘oyib bo‘lib qolgani haqida aytgan. Politsiyachilar uning gaplari yolg‘onligini aytishmoqda.

"Bu 10 yoshdagi qari it artrit xastaligiga yo‘liqqan. Bu ahvolida u hech qayoqqa qochib ketmas edi", deydi tergovchi.

Ayni vaqtda itning egasi nazorat ostida saqlanmoqda. Agar uning jonivorga shafqatsiz munosabatda bo‘lgani tasdiqlansa, unga 2 yillik qamoq jazosi va 30 ming dollar miqdoridagi jarima qo‘llanishi mumkin.

Internet foydalanuvchilari hukumatdan bu borada qonun asosida adolatli hukm chiqarilishini so‘rab imzo yig‘ishga kirishgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish