Jamiyat | 18:00 / 06.08.2015
2241
2 daqiqa o‘qiladi

Strugatskiylarning ilgari nashr qilinmagan asarlari yil oxiriga qadar dunyo yuzini ko‘radi

Aka-uka Strugatskiylarning ilgari chop etilmagan fantastik hikoya va qissalari shu yil oxiriga qadar chop etiladi. Ular adiblarning to‘la asarlar to‘plamiga kiritiladi. TASS muxbiriga bergan intervyusida Strugatskiylar jamg‘armasi rahbari Sergey Arno ushbu asarlar nomini tilga olishni xohlamadi, ammo to‘plamning birinchi kitobi shu yili chop etilishiga ishontirib o‘tdi.

“Hozircha biz 33 jildni rejalashtirmoqdamiz. Unga adiblarning maktublari, kundaliklari, rasmlari va sharhlari kiritiladi. Asarlar jildlar bo‘yicha yozilgan sanasiga ko‘ra taqsimlab chiqiladi: birinchi jildga erta yozilgan, shu paytgacha chop etilmagan hikoyalar va qissalar kiradi. Dastlabki jildlar shu yilning oxiriga qadar chop etiladi. Ayni paytda o‘nta jild nashrga tayyor”, – dedi Arno o‘z intervyusida.

Tadqiqotchilar guruhi rahbari Svetlana Bondarenkoning ma'lum qilishicha, mualliflarning asarlarini to‘plash ishlari Rossiya, Ukraina va AQShda olib borilgan.
Arkadiy va Boris Strugatskiylar rus fantastikasining eng yirik vakillari bo‘lib, ularning asarlari jahonning ko‘plab tillarida chop etilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish