Jahon | 01:03 / 06.08.2015
4063
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada Egey dengizi bo‘ylab ilk halol kruizi paydo bo‘ladi

Turkiyaning Fusion Tour sayyohlik kompaniyasi o‘z mijozlariga Egey dengizi bo‘ylab ilk halol kruizda ishtirok etishni taklif qildi. BGN News nashrining xabar berishicha, kruiz layneri 27 sentabrda Izmirdan yo‘lga tushadi. Olti kun davom etadigan sayohat davomida Gretsiyaning Rodos va Krit orollarida hamda Pirey shahrida to‘xtashlar amalga oshiriladi. Kruiz 2 oktabrda o‘z nihoyasiga yetadi.

Kema bortida hech qanday spirtli ichimlik va cho‘chqa go‘shtidan tayyorlangan taomlar bo‘lmaydi. Sport zallari, spa-markazlar, turk hammomlari va namoz uchun xonalar erkaklar va ayollar uchun alohida-alohida ishlaydi.

Fusion Tour kompaniyasi rahbari Kamol Gyunayning aytishicha, “Usmonlar yo‘li bilan” deb nomlangan bu kruiz davomida sayyohlar madaniyat va tarix haqida ko‘plab yangi ma'lumotlar bilan tanishadilar. Misol uchun, kemada sayyohlar darvishlar raqsini kuzatishlari, tematik fotoko‘rgazmalarga tashrif buyurishlari yoki mumtoz turk musiqasini tinglashlari mumkin bo‘ladi.

Yaqin oylarda tur tashkilotchilari halol sayohatlar geografiyasini kengaytirib, Budapesht, Belgrad, Vena va bir qator italyan shaharlarida to‘xtashlar bilan amalga oshiriladigan kruizlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish