Jahon | 08:24 / 06.08.2015
3330
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada Xirosima qurbonlari yodga olinadi

Yaponiyada Xirosima shahriga atom bombasi tashlanishiga 70 yil to‘lishiga bag‘ishlangan xotira tadbirlari o‘tkaziladi. Asosiy marosim an'anaviy tarzda shahar markazidagi Tinchlik bog‘ida bo‘lib o‘tadi.
Tadbir mahalliy vaqt bilan soat 8:15da boshlanadi – aynan shu vaqtda 1945 yil 6 avgustida shaharga bomba kelib tushgan edi. Butun mamlakat bo‘ylab sukut daqiqasi e'lon qilinadi. Xirosima hokimi Kadzumi Matsui to‘la yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha Tinchlik deklaratsiyasini taqdim etadi, so‘ng mamlakat bosh vaziri Sindzo Abe millatga murojaat bilan chiqish qiladi.
Joriy yilda xotira marosimida 100dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etadi. Hokimiyat jami 157 mamlakatga taklifnomalar yuborgan edi.
1945 yil 6 avgusti soat 8:00da bir guruh AQSh harbiy samolyotlari shaharga yaqinlasha boshladi. Yaponiya havo hujumiga qarshi kuchlari buni ko‘rsa-da, samolyotlarni ushlab qolmadi. Natijada polkovnik Pol Tibbets boshqarayotgan B-29 "Enola Gey" bombardimonchi samolyoti to‘siqlarsiz shahar markaziga yetib borib, uning ustiga “Mittivoy” nomli 4 tonnali uran bombasini tashlab yubordi. Buning natijasida bir necha soniya ichida 70-100 ming kishi halok bo‘ldi. Shahar butunlay yer yuzidan supurib tashlandi.
Tirik qolganlar nurlanish kasalidan keyinchalik olamdan o‘tdi. Bir kun ichida atom bombasining qurbonlari soni 292 325 kishini tashkil qildi. Tirik qolib, nurlanish kasalidan aziyat chekayotgan odamlar soni esa bugungi kunda 183 519 kishini tashkil qilmoqda. Ularning aksariyat qismi hayotini yadroviy qurolga va urushga qarshi kurashishga, shuningdek, ma'rifatparvarlikka bag‘ishlagan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish