Jamiyat | 11:29 / 07.08.2015
7726
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada sanksiyaga tushgan mahsulotlar yo‘q qilinmoqda

6 avgustda Rossiyaning bir qator viloyatlarida sanksiyaga kiritilgan mahsulotlarni yo‘q qilish boshlandi.

Rossiyaning mas'ul muassasalari va xizmatlari Rossiyaga noqonuniy ravishda keltirilayotgan mahsulotlarni yo‘q qilish bo‘yicha prezident farmonini amalga oshirishni boshladi.

Oziq-ovqat embargosi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning xorijiy sanksiyalarga javob sifatida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadidagi 2014 yil 6 avgustidagi farmoni bilan kiritilgan.

2015 yilning 24 iyunida Putin oziq-ovqat embargosining 2016 yilning 5 avgustigacha uzaytirilishi haqida farmonni imzoladi. Rossiya hukumatining qaroriga ko‘ra, Rossiya AQSh, Yevropa Ittifoqi, Avstraliya, Kanada va Norvegiyadan mol, tovuq, cho‘chqa go‘shti, sut mahsulotlari, tirik va muzlatilgan baliq va raksimonlar, yong‘oqlar, meva-sabzavotlarning import qilinishini cheklab qo‘ydi.

Putin embargoga tushgan mahsulotlarning yo‘q qilinishi haqidagi farmonni 29 iyulda imzoladi. Bu choralar fuqarolar o‘zlarining shaxsiy iste'moli uchun olib kirayotgan mahsulotlarga joriy qilinmaydi.

“Bu mahsulotlar shubhali sifatga ega mahsulotlardir. Biz ushbu mahsulotlar do‘konlarimizga yetkazilishini istamaymiz va fuqarolarimizning salomatligini xatar ostiga qo‘ymaymiz”, deb aytdi Rossiya qishloq xo‘jaligi rahbari Aleksandr Tkachev.

Rossiya hukumati Rossiya Federal bojxona xizmati, Rosselxoznadzor va Rospotrebnadzorga sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan, mamlakatga olib kirilayotgan mahsulotlarni yo‘q qilishni buyurdi. Yo‘q qilish jarayoni 6 avgustdan boshlandi.

Mahsulotlar yo‘q qilingan ilk maydonlar orasida Orenburg va Belgorod kviloyatlari ham bo‘ldi.

Orenburg viloyatida 20 tonna pishloqni yo‘q qilish rejalashtirildi.

Rosselxoznadzor vakilining aytishicha, pishloq “Rossiyskaya” deb nomlangan, biroq Latviya markirovkasiga ega bo‘lgan. Mahsulot Qozog‘istondan olib kelingan, uni olib kelgan haydovchi esa germaniyalik bo‘lgan.

Belgorod viloyatida ham yo‘q qilingan asosiy mahsulot pishloq bo‘ldi. Ukrainadan olib kirilgan 10 tonna pishloq yo‘q qilindi.

Pishloqlar katok yordamida yo‘q qilinib, so‘ngra maxsus qazilgan o‘raga tashlangan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish